Farmatsevtika: O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi yangi bosqichda
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Xitoyning yirik "Guangzhou Pharma" kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama investitsiyaviy, ilmiy va sanoat salohiyatini oshirish, farmatsevtika sohasini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida "Guangzhou Pharma" vakillariga mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, "BioPharma City" farmatsevtika klasterining imkoniyatlari va uning zamonaviy infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Jumladan, farmatsevtika sohasida qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston hududida qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari kun tartibidan joy oldi.
Shu bilan birga, ilmiy salohiyatni yuksaltirish maqsadida farmatsevtika, biotexnologiya va kosmetik mahsulotlar sohalarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida tajriba almashishga kelishib olindi.
Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida dorivor o‘simliklar xomashyo bazasini rivojlantirish, ularni yetishtirish, qayta ishlash va sanoatda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, an’anaviy va xalq tabobati yo‘nalishlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda dori vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilab olingan istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish va o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA