Farmatsevtika: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hamkorlik yanada kengayadi
O‘zbekiston – Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining birinchi o‘rinbosari Yusufi Salomuddin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Forumda Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Davlat nazorati xizmati, uning Sug‘d viloyati bo‘yicha hududiy boshqarmasi, «Farmatsevtika va tibbiy mahsulotlarni ekspertiza va sinovdan o‘tkazish» davlat unitar korxonasi vakillari hamda ikki mamlakatning farmatsevtika sohasi korxonalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Tojikiston farmatsevtika sanoatining bugungi holati, mavjud imkoniyatlar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, dori vositalari va tibbiy jihozlarni mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida Tojikiston delegatsiyasi a’zolari «BioPharma City» farmatsevtika klasterida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma va mahalliylashtirish imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, Farmatsevtika texnik universitetining qurilish jarayoni hamda ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari va Tojikiston kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlarda mahsulotlarni Tojikiston bozoriga chiqarish, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish, texnologiyalar transferi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy jihozlar namoyishi tashkil etildi.
Forum yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Biznes-forum doirasida Tojikiston Respublikasi sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining birinchi o‘rinbosari Yusufi Salomuddin boshchiligidagi delegatsiya «Grand Pharm Logistics» logistika markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Delegatsiyaga markazda farmatsevtika mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, saralash va yetkazib berish jarayonlari, zamonaviy ombor infratuzilmasi hamda mahsulotlarni saqlash sharoitlari namoyish etildi.

Shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini samarali taqsimlash, logistika jarayonlarini tashkil etish va dori vositalarining sifatini saqlagan holda iste’molchilarga yetkazib berish tizimi haqida ma’lumot berildi.
Muloqot davomida farmatsevtika mahsulotlarini logistika va distributsiya qilish, ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlari savdosini rivojlantirish hamda sohada hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA