Farg‘onaning "uchar otlar"i Xitoyda
Xitoydagi Shinjon qadimiy ekologik bog‘i Yema Group tomonidan qurilgan. Kompaniya egasi Chen Chjifen dastlab daromadlarining bir qismini ko‘ngil ochar ishga – otxona tashkil etib naslli yo‘rg‘alarni to‘plashga sarfladi.
Bunda qadimgi Davan – hozirgi Farg‘ona vodiysidan eramizdan avvalgi birinchi asrda keltirilgan “uchar otlar” hamda Axaltekin naslli ot zotlari jamlandi va ekologik park paydo bo‘ldi.

Park atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy ko‘rgazmalar, ilmiy ta’lim va turizm tajribasini birlashtiradi. U 13 gektar maydonni egallaydi. Shinjonning noyob geografik muhiti va tarixiy merosidan foydalangan holda Ipak yo‘lining tabiiy mo‘’jizalari va madaniy merosini namoyish etadi. Uni “Ipak yo‘lining tirik muzeyi” deb ham ataydilar. Bog‘ madaniy turizmning milliy, ilmiy-amaliy hamda SHHTning madaniyat sohasidagi ko‘rgazmali bazasi hisoblanadi. Park har yili millionlab sayyohlarni qabul qiladi.

Bog‘da toshga aylangan qadimiy daraxt qoldiqlarining ulkan to‘plami mavjud bo‘lib, mingga yaqin namunalar ajoyib o‘rmonni tashkil qiladi. Eng uzun parcha 40 metrdan oshadi va u taxminan 150-300 million yil oldin paydo bo‘lgan, deb xulosa bergan olimlar.
Bu yerda 4 ta ulkan ippodrom, ot o‘rgatish maydonchalari va hatto poyga otlari uchun suzish havzalari ham mavjud. Bu tashrif buyuruvchilarga ushbu ajoyib otlarni yaqindan kuzatish va ot sporti an’analarini his qilish imkonini beradi. Hozir bu yerda 18 turdagi mashhur otlar tarbiyalanmoqda.

Shinjon qadimiy ekologik bog‘i nafaqat sayyohlik maskani, balki ilmiy tadqiqot va ta’lim uchun muhim bazadir. Qadimiy geologik yodgorliklar, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda Ipak yo‘lining madaniy merosini namoyish etish orqali tabiatshunoslik bilimlarini ommalashtiradi va Shinjonning rang-barang madaniyatini namoyish etadi. U tarix va zamonaviylikni, tabiat va insoniyatni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

Chen Chjifenning fikricha, otlar nafaqat madaniyat ramzi, balki Markaziy Osiyo, Yevroosiyo va dunyo xalqlarini bog‘lovchi ko‘prik hamdir. U ot xalqaro aloqalarni rivojlantiradi va bu savdo, hamkorlik va odamlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga yordam beradi, deb hisoblaydi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA