Farg‘onalik chempionlar tantanali kutib olindi
Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda oltin medal sohibiga aylangan farg‘onalik o‘g‘lonlar – Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Lazizbek Mullajonovlar Farg‘onada tantanali tarzda kutib olindi.
Farg‘ona xalqaro aeroportida Olimpiada chempionlarini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sektor rahbarlari, sport va mehnat faxriylari, keng jamoatchilik va sport ishqibozlari guldastalar bilan qarshi oldilar.
Viloyat hokimi X.Bozorov va sektor rahbarlari chempionlarni olqishlar ekan, ularni kamolga yetkazgan, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun munosib shart-sharoit yaratib bergan ota-onasiga va yaqinlariga, ularning murabbiylariga chuqur minnatdorlik bildirdilar.
[gallery-18704]
– Asadxo‘ja va Lazizbekning yutug‘i – barcha farg‘onaliklarning, sportsevar yoshlarimizning yutug‘i. Viloyatimiz tarixida birinchi Olimpiada chempionlari yetishib chiqishi minglab yoshlarning hayotini o‘zgartirib yubordi, deyish mumkin. Zero, kimdir bilimi bilan, kimdir kasb-hunari bilan, yana kimdir sportdagi mahorati bilan Vatanimiz shuhratini olamga tanityapti. Istaymizki, bunday yutuqlar bardavom bo‘lsin, – dedi viloyat hokimi. – Joriy yilning 28 avgust– 8 sentyabr kunlari Parijda XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari ham o‘tkaziladi. Matonatli va irodali sportchilar o‘rtasida tashkil etiladigan to‘rt yillik o‘yinlarning bu galgi bahslarida mamlakatimizning 65 nafar sportchisi 9 ta sport turi bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Quvonarlisi, ular orasida viloyatimiz parasportchilari ham bor. Biz ularga omadlar tilaymiz, chempionlar safi ortishiga tilakdoshmiz.
Chempionlarni kutib olish marosimi chinakam bayramga aylanib ketdi. Axir, Olimpiada chempioni har kuni va har joyda ham tug‘ilavermaydi. Ularning takrorlanmas yutug‘i barcha farg‘onaliklar qalbiga g‘urur-iftixor bag‘ishladi. Har ikkala bokschi karnay-surnay sadolari ostida viloyat rahbariyatining sovg‘alarini qabul qilib oldi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab tantanali yurish marosimi ham o‘tkazildi. Ularni Farg‘ona ahli olqishu qarsaklar bilan kutib oldi.
– Eng avvalo, ota-onamga ta’zim qilaman, – dedi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev. – Shu kunga yetib kelishimga, shon-shuhrat qozonishimga ular sababchi. Qolaversa, ustoz-murabbiylarimga, hamma-hammangizga ming rahmat. Qo‘llab-quvvatlaganingiz, qayg‘urganingiz, intizor bo‘lib kutganingiz uchun tashakkur. Ishontirib aytamanki, sizlarni hali ko‘p marta xursand qilaman.
Ma’lumot uchun, kecha yurtimizga qaytib kelgan xalqaro Olimpiada qahramonlari tantanali ravishda kutib olinib, sovrindorlarga Prezident sovg‘alari topshirildi. Xususan, oltin medal sohibi bo‘lgan Asadjo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Lazizbek Mullajonovlar ham 200 ming AQSH dollari, Tahoe avtomobili, 2 qavatli kottej bilan taqdirlandi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari