Farg‘onada xotin-qizlar muammolari qanday hal etilmoqda?
Farg‘ona viloyati umumiy aholisining 49,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
bugungi kunda rahbarlik lavozimlarida 3 ming 871 nafar ayollar faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, shu jumladan, xotin-qizlar turmush sharoitini yaxshilash, hayoti farovonligini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri aylandi. Natijada bugungi kunda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, taqdir taqozosi bilan qiyin ahvolga tushib qolgan ayollar muammolarini hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlar borasida keng-ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari raisligida kecha bo‘lib o‘tgan xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi muammolar chuqur tahlil etildi va vazifalar belgilab berildi.
Xo‘sh, bugungi kunda viloyatda ayollarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish va boshqa yo‘nalishlarda qanday ishlar bajarilmoqda?
Shahar va tumanlarda xotin-qizlarning muammolarini tizimli hal etish borasida tadbirlar belgilangan bo‘lib, ijrosi to‘liq ta’minlanyapti. Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi bilan birgalikda 769 ming 112 nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasida anketa-so‘rovnomalar o‘tkazildi. Anketa-so‘rovnomalari natijasida ayollarning muammolari aniqlanib, vaqtinchalik tartibga asosan 9 ta toifaga ajratildi. 47 ming 554 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritildi.

-Mazkur daftardan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 14 ming 183 nafar xotin-qizlar ajratib olindi, -deydi viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilnoza Ergasheva. -Birinchi navbatda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar boshlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida 3 ming 100 nafarini bandligi ta’minlashga erishildi.
Beshariq tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 101 nafar ayollar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan kooperatsiya asosidagi korxonaga jalb qilindi. Har bir ayolga 20 sotixdan jami 28 gektar yer ajratildi, ushbu yer maydonlariga kooperatsiya buyurtmasiga asosan 25 mingdan ortiq bodom ko‘chatlari ekildi, oraliq ekin sifatida ayollar o‘zlari tashabbus qilishib, qizil loviya ekishni rejalashtirishdi. Shuningdek, tumandagi ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash maqsadida “Shervud Dizayn” trikotaj korxonasi tashkil etilib, 200 nafar ishga joylashtirildi. Boquvchisini yo‘qotgan, qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan yolg‘iz ayollarning 54 nafarini Xorazm viloyatining Xiva shahriga 3 kunlik sayohatlari uyushtirildi.
Viloyatda boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy yordamga muhtoj nogironligi bo‘lgan xotin-qizlardan 1 ming 890 nafariga “Ayollar jamg‘armasi” hisobidan 1 milliard so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi. Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj xotin-qizlardan 151 nafarining uy-joylari ta’mirlandi va So‘x tumanidagi uy-joyga muhtoj 65 nafar xotin-qizlarga boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berildi. Shuningdek, uy-joyga muhtoj, noturar joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlar uchun hududlarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan 42 ta xonadon ajratilishi rejalashtirildi.

Qaramog‘ida bir va undan ortiq nogironligi bo‘lgan farzandlari bor yolg‘iz ayolllardan 235 nafariga shahar, tumanlar sektor rahbarlari tomonidan yordam ko‘rsatildi.Tibbiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning 2 ming 161 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 1 ming 868 nafariga ambulator, 183 nafariga statsionar, 32 nafariga sanatoriylarda davolanish tavsiya etildi.
“Ayollar maslahat kengashlari”da adliya, sud, prokuratura organlari bilan birgalikda 10,4 mingdan ortiq ayollarga huquqiy maslahatlar berildi. Buni natijasida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalardan 2 ming 204 tasi yarashtirildi, 2 ming 321 ta notinch oilalar murosaga keltirildi, 350 ga yaqin aliment undira olmayotgan ayollarning muammolari ijobiy hal etildi.
Viloyatda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 47 ming 554 nafar xotin-qizlarning muammolarini tizimli hal etish va ularni daftardan chiqarish bo‘yicha oyma-oy jadval ishlab chiqilgan. Belgilangan chora-tadbirlar asosida ularning bandligi ta’minlanadi va manzilli ko‘mak ko‘rsatiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA