Farg‘onada tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilanmoqda
Farg‘onada Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlanib, sohada mehnat qilayotganlarga yuksak e’tibor va ehtirom ko‘rsatildi.
Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan "Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofoti -orden va medallari bilan taqdirlanganlar orasida farg‘onalik uch nafar tibbiyot xodimi ham bor.
[gallery-20274]
Viloyat hokimligida mazkur mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sektorlari rahbarlari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi islohotlar xususida so‘z yuritib, xalqimizning salomatligini mustahkamlashda fidoyi shifokorlar hamda tibbiyot xodimlarining xizmati beqiyosligini qayd etdi. Davlatimiz tomonidan soha xodimlarining mehnati qadrlanayotgani ham ularning sharafli va mas’uliyatli faoliyatiga bo‘lgan yuksak e’tibor ekanligi tak’kidlandi.
Tadbirda mazkur davlat mukofotlari egalariga tantanali topshirildi. Shuningdek, bir guruh tibbiyot xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishonlari topshirilib, kasb bayrami bilan qutlandi.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar kamtarona xizmatlari qadrlanib, davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan viloyat bayram tadbirida viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida samarali mehnat qilayotgan shifokorlar, tibbiyot xodimlari va faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.
-Sohadagi islohotlar natijasida tibbiy xizmat sifati yanada oshmoqda, -deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Primqulov. -Viloyatda ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazish, aorta-koronar shuntlash, yurak klapanlarini protezlash orqali yurak nuqsonini bartaraf etish hamda endoprotezlash kabi 30 dan ortiq yuqori texnologik operatsiya turlari amaliyotga tadbiq etilishi natijasida 6414 dan ortiq fuqarolarga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatishga erishildi. Joriy yilda 134 ta oilaviy poliklinika, 167 ta oilaviy shifokorlik va 110 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilib, 650 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Bayram tadbirida viloyat san’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat),O‘zA