Farg‘onada taksichi qotillik qurboni bo‘ldi
Marg‘ilon shahrida ro‘y bergan qotillik barchani yanada ogoh bo‘lishga undaydi. 2021 yil 16 oktyabr kuni, soat taxminan 00:17 larda Qo‘shtepa tumani “Xumdon” MFY, Bog‘bonlar ko‘chasidagi katta ariq yoqasidan erkak jinsiga mansub, yoshi taxminan 35-40 lar atrofidagi, tanasining turli joylarida tan jarohatlari bo‘lgan shaxsi noma’lum murda topildi.
Tezkor surishtiruv natijasida voqea joyidan topilgan murda Marg‘ilon shahar, “Alisher Navoiy” MFY, Bahouddin Naqshbandiy ko‘chasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan S. Ya. ekanligi aniqlangan. Joriy yil may oyining boshlarida u “Spark” rusumli avtomashinani ijaraga olib, Marg‘ilon, Farg‘ona shahri hududlarida taksichilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ma’lumotiga ko‘ra, Marg‘ilon shahar “Ahmad Yassaviy” MFYda yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan A.A. o‘zining tanishlari – “Zoid” laqabli, 2001 yilda tug‘ilgan M.M. hamda A.M. (laqabi “Birodar”) ismli shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, avtomashinani qo‘lga kiritib, uni bo‘laklarga bo‘lib sotishni reja qilishgan. 15 oktyabr kuni soat taxminan 21:00 larda A.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinasida “Zoid” hamda “Birodar”ni Farg‘ona shahrida joylashgan o‘lkashunoslik muzeyi yoniga tashlab qo‘yadi. O‘zi Qo‘shtepa tumani “Xumdon” MFY, Bog‘bonlar ko‘chasiga borib, oldindan kelishilgan jinoiy rejani amalga oshirish maqsadida ularni kutib turadi.
Bu orada “Zoid” va “Birodar” yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanuvchi “Bravo” taksi firmasida ishlovchi S.Ya. boshqaruvida bo‘lgan yashil rangli “Spark”ga o‘tirishib, Xumdon mahallasiga borishgan. U yerda uchovlon haydovchini bo‘g‘ib va pichoq bilan tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazib, o‘ldirgan. Avtomashinani qo‘lga kiritib, noma’lum tomonga yashirinishgan. Xaridor topa olmaganidan so‘ng Xonaqo ko‘chasiga tashlab ketishgan. Hozirgi kunda gumonlanuvchilarning barchasi qo‘lga olindi.
Mudhish jinoyatni sodir etganlar hali hayotning oqu qorasini yaxshi tanimagan yigitlardir. Afsuski, sodir etilgan jinoyat bo‘yicha gumondorlar bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, mas’ullar va profilaktika inspektorlari o‘z vaqtida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida yetarli ishlarni tashkil etmagan.
– Jinoyatning katta-kichigi bo‘lmaydi, aslida bitta bo‘lsa ham favqulodda holat sifatida qaralishi kerak, – deydi Farg‘ona viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Bahodirjon Xoliqov. – Marg‘ilondagi qotillik zamirida ham mahalla faollarining befarqligi yotibdi. Xonadonma-xonadon yurib, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmagan, sodir etilgan jinoyatga jazo muqarrarligi bo‘yicha fuqarolarga yetarli darajada tushuntirish ishlari olib borilmaganiga biz ham mas’ulmiz. Qotillikda gumonlanayotganlarning tarjimai holi bilan tanisharkanmiz, oilaviy muhit nosog‘lom ekanligiga guvoh bo‘ldik. A.A. ikki marta oila qurgan. M.M. Misrga o‘qish maqsadida borib, joriy yil sentyabr oyida qaytib kelgan. A.M. ning oilasi “Temir daftar”ga, o‘zi esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
Bir oila boquvchisi qotillik qurboni bo‘ldi, to‘rt nafar norasida esa chinqirab qoldi.
M. Sulaymonov, O‘zA