Farg‘onada taekvondo bo‘yicha 300 nafar sportchi bellashmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘onadagi «Samo» sport majmuasida “Eurasian Open Youth Cup” an’anaviy taekvondo ITF yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi.
Xalqaro musobaqada yettita davlatdan kelgan 3 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 300 nafarga yaqin sportchi uch kun davomida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Bayramona ruhda tashkil etilgan ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston an’anaviy Taekvon-do federatsiyasi, O‘zbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarining “Vatan” xayriya jamoat fondi ommaviy tashkiliy ishlar bo‘limi vakillari ishtirok etib, sportchilarga omad va zafar tiladi.
[gallery-11982]
Bahslar boshlanishi oldidan mamlakatimizda sportning, xususan an’anaviy taekvondoning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov hamda viloyat an’anaviy taekvondo federatsiyasi raisi Botirjon Bahodirov yosh sportchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyatlari uchun O‘zbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarining “Vatan” xayriya jamoat fondi tomonidan “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali bilan taqdirlandi.
- Xalqaro musobaqa viloyatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas, chunki keyingi vaqtlarda viloyatimiz taekvondochilari turli musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda, - deydi Farg‘ona viloyati an’anaviy taekvondo federatsiyasi raisi B. Bahodirov. - Bellashuvlarda sportchilar shaxsiy va jamoaviy bahslarda o‘z mahoratlarini namoyish etadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA