Farg‘onada rahbar ayollar ulushi 32 foizga ko‘tarildi
Mamlakatimizda ayollar qadrini ulug‘lash, e’zozlash, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Farg‘onalik nozik xilqat vakillari o‘zlarining fidoyiligi, tashabbuskorligi, mehnatsevarligi bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular ta’lim, tibbiyot, fan, madaniyat, tadbirkorlik va davlat boshqaruvi sohalarida ulkan yutuqlarga erishmoqda.

– Viloyatimizda rahbar ayollar ulushi 32 foizga, oliy ta’limdagi qizlar ulushi 50 foizga ko‘tarildi, 2600 nafar xotin-qizlar zaxira kadrlar nomzodligiga olindi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Komila Kavlonova. – Kadrlar zaxirasini yaratish va ayollarni rahbar lavozimlariga tayinlash va rag‘batlantirish bo‘yicha respublikada viloyatimiz birinchi o‘rinda. O‘tgan yil 150 nafar ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz xotin-qizlarning tahsil olishi uchun to‘lov-kontraktlari to‘lab berildi.
Bu ishlar natijasida xonadonlarga quvonch va shodlik kirmoqda, minglab ayollarning ruhi ko‘tarilib, o‘ziga bo‘lgan, farzandlarining kelajagiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda.

Viloyatda 2024 yilda 1065 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar bepul davolandi, 99 nafarining jarrohlik amaliyoti va davolanishlari uchun 1 milliard 831 million so‘mlik jamg‘arma hisobidan mablag‘ qoplab berildi, 85 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlandi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 109 ming 506 nafar xotin-qizlarga yordam ko‘rsatildi. Buning uchun Respublika va mahalliy byudjet hamda boshqa manbalar hisobidan 69,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Viloyatda 62 ming 280 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish istagida bo‘lgan 14 ming 104 nafar xotin-qizlarga 375 milliard 750 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 20 ming 931 nafar xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 181 ta mahallalarda “Ayollarni bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash” markazlari ishga tushirilib, 847 nafar ayollar bandligi ta’minlandi, 789 nafari esa o‘qitildi.
M.Sulaymonov, O‘zA