Farg‘onada nuroniylar yo‘qlanib, bayram tabriknomasi yetkazildi
Navro‘zi olam – hamma bir-biriga xayr-saxovat, mehr-muruvvat ulashadigan ezgu an’analar jam bo‘lgan qutlug‘ bayram.
Ushbu ayyomda nuroniy otaxonu onaxonlarga ehtirom ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish va duolariga sazovor bo‘lish xalqimizga xos ezgu fazilat hisoblanadi.
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida hokimlik vakillari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari va 100 yoshni qarshilab, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan 20 nafar otaxonu-onaxonni yo‘qlab bordi.

Tuman hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – “Palaxon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Dehqonboy ota Qurbonov, Tepaqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Turg‘unboy ota Bo‘tayev, shuningdek, uzoq yillar davomida tuman rivoji yo‘lida xizmat qilgan mehnat faxriysi Hoshimjon ota Rasulov xonadonlarida bo‘ldi.

Piru badavlatlar bilan dildan suhbat qurilib, ayyom bilan qutlandi. Viloyat hokimi yo‘llagan tabriknoma, viloyat va tuman hokimligining bayram sovg‘alari topshirildi.
O‘z o‘rnida, nuroniylar yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi, xonadonlarimizdan tinchlik-xotirjamlik va qut-baraka arimasligini tilab duo qildi.
M. Sulaymonov,
O‘zA