Farg‘onada kitob bayrami va xalqaro anjuman
Bugun Farg‘onada “Xalqaro kitobxonlik festivali” boshlanadi. Ertaga esa “Central Asia – 2025: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusida XVIII xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlaydi. Tashkiliy qo‘mita xabar berishicha, unda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlaridan kitobsevarlar, taniqli shoir va yozuvchilar, ziyolilar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirlar doirasida kitob yarmarkalari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, she’rxonlik kechalari, taqdimotlar, viktorinalar, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari tashkil etiladi. Shuningdek, “Kitob yarmarkasi-rassomlar nigohida” nomli ijodiy tanlov hamda “Bolalarga kitoblar sovg‘asi” aksiyasi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Festival va konferensiya ishtirokchilari uchun milliy qadriyat va an’analarni namoyon etuvchi “Ma’rifat-tur” loyihasi amalga oshiriladi. Viloyatimizdagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar uyushtiriladi. Milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi faoliyat ko‘rsatadi.



– Biz festivalga katta tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi Farg‘onadagi “Kitoblar olami” MCHJ rahbari Nazirjon Hoshimov. – Avvalo, Kashtanlar aleyesidagi ulkan maydonda turli tillarda chop etilgan, jumladan, farg‘onalik ijodkorlarning kitoblari savdo-ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Ya’ni u aholi, ayniqsa, yoshlar uchun eng ommaviy kitob bayramiga aylanadi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA