Farg‘onada kelgusi yil qanday ishlar amalga oshiriladi?
Farg‘ona viloyatida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘makdosh bo‘lish kelgusi yilda ham muhim vazifa sifatida belgilandi.
- Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamagan hokim, sektor rahbari lavozimda ishlashga haqi yo‘q, - deydi viloyat hokimi v.b Xayrullo Bozorov viloyat sessiyasidagi murojaatida. -Tadbirkorlarni doimiy eshitish va qabul qilish, masala va muammolarini hal etish har bir rahbarning kunlik ishi bo‘ladi. “Tadbirkorlar uylari”ning samarali ishlashi uchun hokimning birinchi o‘rinbosari rahbarligida barcha idora va tashkilotlar birgalikda doimiy ishlaydi. Bitta binoga kirganida tadbirkorning barcha masalasi hal bo‘lishi kerak.
2021 yilda 7 mingta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, ular soni 43 mingtaga yetkaziladi, banklar tomonidan bu sohaga ajratilayotgan kreditlarni 2 barobar oshirib, 10 trillion so‘mga yetkazish ta’minlanadi.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga alohida urg‘u bergan holda kelgusi yil davomida 1ming 96 ta xizmat ko‘rsatish sub’ekti tashkil etiladi.
Viloyatning Dang‘ara va Yozyovon tumanlari hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘li yoqasida zamonaviy arxitektura talablariga mos keladigan 456 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ikki oy davomida shahar va tuman sektorlari rahbarlari tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan loyihalar dasturi qilindi va sessiyalarda tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2 ming 505 ta loyihada 19,9 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilib, 75,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Iqtisodiy rivojlanish sur’atlari past baholangan Furqat, Qo‘shtepa va Yozyovon tumani viloyat hokimligining alohida diqqat e’tibori va nazoratida bo‘ladi. Bu hududlarda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, viloyatda investitsiyalarni jalb etish, mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish borasida ham salmoqli ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA