Farg‘onada bir kunda uch korxona ish boshladi
Kuni kecha davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi va unda ilgari surilgan g‘oyalar farg‘onalik ishbilarmonlarga ham g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi.
Viloyatdagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida bir kunning o‘zida uchta ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilgani fikrimizga dalil bo‘la oladi. Jumladan, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida loyiha qiymati 123 milliard so‘m bo‘lgan “MOLLIS” momiq sochiq va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tantanali tarzda ochildi. Korxona yillik qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlarning dastlabki partiyasi marosim ishtirokchilariga namoyish qilindi.

Shu kuni hududda foydalanishga topshirilgan “Avilon Textile” korxonasida yillik 4 ming tonna xom mato to‘qish va 3,5 ming tonna mato bo‘yash quvvati yaratildi.
Tadbirkor Avaz Abduraximov tashabbusi bilan qurib foydalanishga topshirilgan korxonada trikotaj matolarini to‘qish va bo‘yash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.. Shuningdek, qurilish mahsulotlari sanoati tobora rivojlanib borayotgan viloyatda burama mixlar ishlab chiqaruvchi yana bir korxona – “Azamat Savdo Ziyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan ishlab chiqarish korxonasi ham foydalanishga topshirildi.

Tadbirkor Ibrohimjon Siddiqovning 6,9 milliard so‘m o‘z mablag‘lari hamda 3,3 million dollar bank krediti hisobiga qurib foydalanishga topshirilgan korxonada yaqin hududda yashovchi mahalla yoshlaridan 70 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Korxona yillik 3 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tadbirkor xorijiy davlatlarga yillik qariyb 1,5 million dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, mamlakat ichki bozoriga ham bir yilda 24 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berishni maqsad qilgan.

Bu uchala yangi korxonaning bayramona ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
M. Sulaymonov,
O‘zA