Farg‘onada 2-sektor shtabi namunali tashkil etildi
Mamlakatimizdagi islohotlar negizi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan muhim hayotiy tamoyilga asoslangan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.
Sektor rahbarlari hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti, joylardagi muammolar hal etilmoqda.
Farg‘ona viloyatida sektorlar shtabida sharoitlarni yaxshilash, qulayliklar yaratish hamda ularning ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston tumanida “Qaynar” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda viloyat 2-sektor shtabi yangi binosining foydalanishga topshirilgani ana shu ishlarning amaliy ifodasidir.
Mazkur binolarning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov va sektor rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, bu yerda shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, ularning kotiblari ishtirokida sektorlar faoliyati yuzasidan ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi.
Shtabda barcha sharoitlar yaratilgan, viloyat, tuman 2-sektori shu yerda faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston tumani prokurori, sektor rahbari Mirvohid Otaboyev o‘z hududida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotini o‘tkazdi.
Prokuror sektorida 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, 62 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. “Temir daftar”ga 831 ta oila ro‘yxatga olinib, hozirda ularning 660 tasi kambag‘allikdan chiqarildi. Shuningdek, 2-sektor hududida 16 ta maktab, 16 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta sog‘liqni saqlash muassasasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari fuqarolar muammolarini o‘rganish va hal etish maqsadida telegramm kanal ham ishga tushgan.
Seminarda viloyat rahbari tomonidan sektorlar faoliyatini tizimli tashkil etish, hududlarda aholi muammolari va murojaatlari bilan ishlash, ularning turmush darajasini oshirish samaradorligini kuchaytirish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
M.SULAYMONOV, O‘zA