Farg‘ona viloyatining eng faol targ‘ibotchilari
Farg‘ona shahrida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning ochilishida viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonovlar yosh avlodning ma’naviy olamini yuksaltirishda targ‘ibotchilarning o‘rni va vazifasi xususida so‘z yuritdi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida viloyatdagi 959 ta umumta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shayotir.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tanlovda tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 38 nafar targ‘ibotchi ishtirok etdi. Ularning 8 ta yo‘nalish bo‘yicha mahorat va salohiyatlari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Buvayda tumanidagi 50 hamda O‘zbekiston tumanidagi 4-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari Nargiza O‘rinova hamda Shahnoza Meliyeva g‘olib bo‘ldi. Ular tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Bozorova, O‘zA