Farg‘ona viloyatida eksport ulushi o‘smoqda
“So‘nggi yillarda” degan ibora OAVda eng ko‘p qo‘llanayotgan birikma bo‘lib qolyapti. Darhaqiqat, har sohada ro‘y berayotgan yuksalish so‘nggi yillar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Masalan, Farg‘ona viloyatida 2024 yilning o‘n oyi yakuni bo‘yicha, eksport mahsulotlari miqdori 698,9 mln. AQSH dollariga yetdi. Yil yakuni bo‘yicha esa bu raqam 850-900 mln. dollarga yetishi kutilmoqda.
Endi taqqoslab ko‘ring. 2016-2017 yillarda viloyat eksporti 200-300 mln. dollar oralig‘ida edi.
Bunday o‘sish (ikki yarim barobar)ga so‘nggi yillarda erishildi. Uning sabablari nimada?
Birinchidan, so‘mning xorijiy valyutaga erkin konvertatsiyasi ochildi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini kafolatli himoya qiluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar yaratildi.
Uchinchidan, O‘zbekistonga keladigan zamonaviy texnologiya oqimi keskin ortdi.
To‘rtinchidan, mamlakat boshqaruvida, ijro hokimiyatida tadbirkorlik faoliyati va ishlab chiqarishni tekshirish cheklandi.
Natija shuki, birgina Farg‘ona viloyatida eksportyorlar soni 701 taga yetdi.
Ilgari paxta tolasini eksport qiladigan Farg‘ona viloyati 2024 yil yanvar-oktyabr oylarida 241,9 mln. AQSH dollariga teng to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qildi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 foizga ko‘pdir. Endi paxta tolasi emas, paxta ipi, trikotaj mato, tayyor trikotaj va tikuvchilik kiyimlari, jami 135 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning 43 ta davlatiga eksport qilinmoqda.
Bunday ko‘rsatkichlarga, takror bo‘lsada aytamiz, so‘nggi yillarda erishilmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA