Farg‘ona tajribasi ommalashtirilmoqda
Farg‘onada otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yagona yondashuvning namunaviy tajribasini shakllantirishga qaratilgan yoshlar forumi boshlandi.
Unda huquq tartibot va mudofaa organlari mas’ullari, Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma boshliqlari hamda mutaxassislari, “mahalla yettiligi” vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida mazkur forumning asosiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Yalpi yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, mudofaa vaziri o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashrapov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzod Rahimov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimining natijadorligi xususida so‘z yuritdi.
Davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida yoshlar eng ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan bo‘lib, ularga sifatli ta’lim va kasb berish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Madaniyat karvoni” tadbirlari va turli festivallar o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 21-fevraldagi farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Dasturda yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan.
Darhaqiqat, yoshlar yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari sifatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Prezidentimizning tashabbusi bilan yoshlar bilan ishlashda mutlaqo yangi tizim yaratilib, yoshlar siyosati mahalla darajasigacha tushirildi. Xususan, bugungi kunda har bir yosh dardi, tashvishi, qiynab kelayotgan muammolarini eshitib, ularning fikrlarini hisobga olib talab va takliflari asosida qarorlar qabul qilinyapti. Ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, sifatli ta’lim olishi uchun sharoitlar yaratish kabilar bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-16675]
“Yoshlar balansi” asosida barcha davlat idoralari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlariga yoshlarni biriktirib, ularga har tomonlama ko‘maklashib borishga huquqiy asos yaratib berildi.
Birgina 2023-yil davomida ilk bor “Yoshlar balansi” asosida yoshlar “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilib, har bir yosh bilan individual ishlash amaliyoti joriy etildi.
Farg‘ona viloyatida “qizil” toifadagi yoshlar 63 nafar viloyat darajasidagi rahbarga, 530 nafar tuman (shahar) hokimi, sektor va tashkilot rahbarlariga biriktirildi. Amaliy choralar natijasida ularning 21 ming 431 nafari “yashil” toifaga o‘tkazildi. Xususan, 4 ming 11 nafarining bandligi ta’minlandi, 1 ming 131 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 16 ming 289 nafariga turli ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatildi.
–An’anaga muvofiq, joriy yil boshida ham mahalla yoshlar yetakchilari va “mahalla yettiligi” hamkorligida yoshlarning muammolari va qiziqishlarini aniqlash maqsadida “xonadonbay” xatlovlar o‘tkazildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadamin G‘aniyev. – Bu yilgi xatlovning o‘ziga xos tarafi shunda bo‘ldiki, yoshlarning nafaqat bandlik va ijtimoiy holati, balki ularning iqtidori hamda xohish-istagidan kelib chiqib, har bir yoshning qiziqishi o‘rganib chiqildi. Mahallalarda qanday loyiha va tadbirlarni tashkil etish taklifini bevosita yoshlarning o‘zi belgilab berdi. Xatlov davomida 916 ming nafar yoshning (shundan, 445 ming 674 nafar qizlar) ma’lumotlari shakllantirildi va “Yoshlar balansi” platformasi orqali to‘liq elektronlashtirildi.
Prezidentimiz raisligida 2024-yil 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, huquq-tartibot va mudofaa organlariga 4 million yoshni biriktirib, ularni otaliqqa olish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Mazkur yoshlarga huquq-tartibot va mudofaa organlarining hududlardagi 18 ming 105 nafar mas’uli biriktirib chiqildi. Ular tomonidan 2,9 million nafar yosh bilan “xonadonbay”, onlayn suhbatlar o‘tkazilib, aniqlangan 179 ming 813 ta muammoni hal etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi. 22 ming 109 nafarining ijtimoiy va maishiy muammolari “mahalla yettiligi” hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida hal etildi. Biriktirilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha hududlarda tashkil etilgan tadbirlar orqali 2 million nafar yosh jalb etildi. Mahallalarda 4 ming 279 ta kichik kutubxona, kitob va ma’naviyat burchagi tashkil etildi.
Birgina Farg‘ona viloyati bo‘yicha 325 ming nafar yosh huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda ularning quyi bo‘linmalari xodimlariga taqsimlandi. Ularning shaxsan otaliqqa olinishi va kafil bo‘lishi orqali ularda vatanparvarlik, jamiyat hayotiga daxldorlik va qonunga hurmat kabi ezgu tuyg‘ular shakllantirilishiga erishiladi. Ayni kunlarda viloyatda bu borada ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Forumda huquq -tartibot va mudofaa organlari mas’ullari tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan “Farg‘ona viloyati tajribasi” asosida ishlarning tashkil etilishi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlik masalalaridagi vazifalar muhokama markazida bo‘ldi.
Yalpi yig‘ilish shu’balarga bo‘lingan holda davom etdi.
”Farg‘ona yoshlar forumi” ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi “Yoshlar sayilgohi” faoliyati bilan tanishdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari