Farg‘ona: qishga kim qanday tayyorlanmoqda? (+video)
Aholini gaz bilan uzluksiz ravishda ta’minlash hamisha davlatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib kelgan. Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida qish mavsumiga tayyorgarlik qanday boryapti?
Viloyatda 510 mingga yaqin gaz iste’molchisi mavjud. “Hududgaz Farg‘ona” gazta’minot filiali qish mavsumiga har taraflama tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Viloyat bo‘yicha bugungi kunga qadar 24 kilometr gaz quvurlari, shundan 11,2 kilometr yangi gaz tarmoqlari tortildi. 57 mingta xonadon rejaga kiritilgan bo‘lib, bundan 35 mingtasi yakunlandi. 70 mingdan ortiq tejamkor gorelkalarni almashtirib bo‘ldik. Buning natijasida 20 foiz gazni iqtisod qilishga erishdik, – deydi “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali direktori Shavkatjon Abdumajidov.

Ta’minot uzluksizligi taqsimlash uskuna va jihozlari sozligiga ham bog‘liq. Shuning uchun viloyatdagi barcha gaz taqsimlash shoxobchalari to‘liq ta’mirlandi.
– Quvasoy shahar gaz ta’minotiga qarashli gaz taqsimlash punktlari mavjud bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyorlash rejasi doirasida ularni taftishdan o‘tkazdik. Bundan tashqari yer osti gaz quvurlarini havo yordamida tozalash ishlari, gaz quvurlarini tekshirish amalga oshirildi, – deydi“Hududgaz Farg‘ona” Quvasoy shahargaz GTB mutaxassisi Alisher Dadaboyev.
Ma’lumki, ilgari aholi yashash joylarida ko‘cha boshi yoki chorrahalarda GRP qo‘yilar, unda gaz uch bosqichda: yuqoridan o‘rta, o‘rtadan past bosimga o‘tkazilar edi. Farg‘onada aholiga gaz yetkazishda bosimni ko‘tarish, texnologik yo‘qotishning oldini olish maqsadida endi uch bosqichdan ikki bosqichga o‘tkazilmoqda.

– Farg‘ona shahrining Huvaydo mahallasidagi Qirlola ko‘chasida o‘tgan kuz-qish mavsumida yuzaga kelgan muammolarning oldini olish, gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida xonadonlarni ikki bosqichli tizimga o‘tkazish hamda gaz bilan ta’minlovchi quvurlarni modernizatsiya qilish ishlari olib borilyapti. Ushbu jarayonda har bitta aholi xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagich uskunalarini xonadonlarning ko‘cha qismiga olib chiqib, gaz hisoblagich uskunasidan oldin regulyator qurilmasi o‘rnatilmoqda, – deydi “Hududgaz Farg‘ona” GTF bo‘limi boshlig‘i Humoyun O‘ktamov.
Xo‘sh, bu nima beradi? Xonadonlarga o‘rta bosimda gaz ta’minoti yetkazilishi hisobiga kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmaydi. Shu bilan birga bir me’yorda va eng muhimi gaz ta’minoti xavfsiz ravishda amalga oshiriladi.
Bu yil qish mavsumida Farg‘ona shahridagi yana 15 ming aholi gaz ta’minoti yaxshilanishi kutilyapti. Shahar markazidagi gaz ta’minoti halqasiga 5,3 kilometrlik diametri 159 millimetr yangi quvur ulanyapti.

Amalga oshirilayotgan ishlar asosida tejamkorlikka erishish muhim natija beryapti.
– Kundan-kunga gazga bo‘lgan ehtiyoj oshib boryapti. 1 kunda viloyatimiz bo‘yicha 150 million kubga yaqin gaz olamiz. Bunda tejalgan 20 foiz gazni yangi qo‘shilgan, ehtiyojmand iste’molchilar va ko‘p qavatli xonadonlarga berib boryapmiz, – deydi Shavkatjon Abdumajidov.
“Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali jamoasi uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazish hamisha birlamchi vazifa bo‘lgan. Shu yilning o‘zida gaz to‘ldirish inshootlariga 35 dona yangi energiya tejamkor gaz quyish qurilmasi o‘rnatildi. Elektr uzilishlarining oldini olish maqsadida barcha GSHTlardagi elektr generatorlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi uskunalar davlat qiyoslash chog‘ida me’yoriy talablarga mosligi aniqlandi.

– 2024-2025 kuz-qish davriga o‘tgan yilga nisbatan 6000 tonna ko‘p suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Ya’ni o‘tgan yili 83 ming 600 tonna yil davomida suyultirilgan gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, bu yil 89 ming 500 tonna yetkazib beramiz, – deydi “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Sayfuddinov.
Ma’lumki, qish mavsumida ehtiyoj ortib, gaz ballonlarini tezroq almashtirish zarurati tug‘ildi. Mutaxassislar bu masalaga ham yechim topishdi.
– Har bitta shoxobchaga 200 tadan qo‘shimcha zaxira gaz balloni keltirilgan. Bu gaz ballonlarini tozalab, so‘ng quyib sifatli suyultirilgan gaz yetkazib berish imkonini yaratdi, – deydi “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Sayfuddinov.

Bu tasvirlar Rishton tumanining eng chekka qishloqlaridan birida tushirilgan. “Hududgaz Farg‘ona” idorasi gaz tarqatuvchi avtomashinalari belgilangan reja asosida har bir xonadonga suyultirlgan gaz yetkazib bermoqda. Idora mas’ullari xonadon egalari bilan uyma-uy yurib ulardan xizmat ko‘rsatish haqida fikr mulohazalar olishyapti.
– Hozir biz Yuqori Beshkapa markaziy mahallasida turibmiz. Bu yerda 300 ta xonadon bor. Gaz ballonlari muddatida, 40-45 kunda grafik asosida kelyapti. Uzilib qolgani yo‘q. Qish mavsumida oraliq muddati 30-35 kunga qisqartirilishini kutyapmiz, – deydi “Yuqori Beshkapa” MFY raisi Zafarjon Abdurahmonov.
“Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali qish mavsumiga kompleks tadbirlarni amalga oshirdi. U qanchalar natijadorligi mavsumda ayon bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nFytGXJgeoQ" title="Fargʻona: qishga kim qanday tayyorlanmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari