Farg‘ona mayiz eksportini yo‘lga qo‘ydi
Shunday kunlar keldi. Ilgarilari Farg‘onadan bir-ikki navdagi uzum faqat Rossiyagagina eksport qilinar edi. Davlat rahbarining qarorlari asosida dastlab Oltiariq, so‘ngra boshqa tumanlarda ham uzumzor bog‘lar tashkil etildi. Bugun ular 15 ming gektarga yetdi. Yetishtirilayotgan uzum navlari o‘ttizdan ortdi. Hajmi va eksport qilinayotgan davlatlar soni o‘nlab karra ko‘paydi. Odatda uzum yozda pishadi va darhol xaridorlarga yetkaziladi. Kuz va qishga qadar eksport davom etadi. Ammo yuz minglab tonna sig‘imga ega sovuqxonalar qurilgach, endi qish payti ham tokdan yangi uzilgandek holatda eksportga yo‘naltirish imkoni yaratildi. 2026-yilning yanvar-fevral oylarida Farg‘ona viloyati xorijga jami 2,3 million AQSH dollari qiymatidagi 2 642,5 tonna uzum eksportini amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 850,3 tonnaga ko‘pdir.
Farg‘onada hech qachon uzumdan mayiz qilinmagan edi. Hosil miqdorining ko‘pligi tufayli endi bu soha ham rivojlanmoqda. Hatto Farg‘ona mayizlari jahon bozoriga chiqarildi. 2026-yilning yanvar-fevral oylarida Farg‘ona viloyati xorijga jami 1,4 million AQSH dollari qiymatidagi 1 094,9 tonna mayiz eksportini amalga oshirgan.
Muhammadjon Obidov, O‘zA