Fargʻonada 8 ta yangi maktab qurilmoqda
Fargʻona viloyatida umumtaʼlim maktablari moddiy-texnik imkoniyatlarini mustahkamlash, oʻquv binolari, laboratoriya va sport zallarini taʼmirdan chiqarish, yangi binolar qurilishi jadal davom ettirilmoqda.
Fargʻona viloyatida umumtaʼlim maktablari moddiy-texnik imkoniyatlarini mustahkamlash, oʻquv binolari, laboratoriya va sport zallarini taʼmirdan chiqarish, yangi binolar qurilishi jadal davom ettirilmoqda.
Joriy yilgi Investitsiya dasturiga asosan 8 ta umumtaʼlim maktabini yangitdan qurish va jahon andozalari darajasida sport komplekslari barpo etish, 12 ta taʼlim muassasasini rekonstruksiya, 5 ta bilim dargohida mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ayni chogʻda mazkur dasturdan oʻrin olgan umumtaʼlim maktablarida ish qizgʻin. Quruvchilar karantin sharoitida belgilangan gigiyena shartlarini qatʼiy tutgan holda mehnat qilyapti. Oʻzbekiston tumanida uchta umumtaʼlim maktabi dasturga kiritilgan boʻlib, quruvchilarning harakat boshlaganiga ancha boʻldi.
6-umumtaʼlim maktabida 650 nafarga yaqin oʻquvchi oʻqiydi. Maktabning tom qismi, eshik-derazalarini yangilash, sport zalini mukammal taʼmirlash uchun 1 milliard 176 million soʻm mablagʻ ajratildi. Bugun taʼlim maskanida qurilish ishlari avjida. Kichik Tagob ahlining koʻp yillik orzusi yaqin kunlarda roʻyobga chiqadi. “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtgan yili 315 oʻrinli 68-umumtaʼlim maktabi yangitdan qurib bitkazilgan edi. Ayni kunlarda maktabda mukammal sharoitlarga ega sport zali qurilishi jadallik bilan davom etmoqda.
Tumanning “Haydarobod” mahalla fuqarolar yigʻinida keyingi yillarda namunaviy loyihalar asosida koʻplab uy-joylar bunyod etilib, hozirgi kunda yangi mahallada yuzdan ortiq oilalar istiqomat qilmoqda.
– Mahallada 264 oʻrinli yangi maktab qurilishiga kirishilgani hududdagi yosh oilalarni juda ham mamnun etdi, – deydi Oʻzbekiston tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Nafisaxon Nishonova. – Shu yilning sentyabridan oʻquvchilarga quchoq ochadigan maktab qurilishi uchun 5 milliard 178 million soʻm mablagʻ ajratildi. Butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi jiddiy kurash ketayotgan bunday sharoitda yurtimizning ertangi kun istiqboli uchun koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat juda ham quvonarlidir.
Ayni kunlarda viloyatning barcha shahar-tumanlarida farzandlarimiz maʼnan va jismonan barkamol avlod boʻlib ulgʻayishlari uchun maktablarda qurilishlar, zamonaviy shart-sharoitlar yaratish borasida izchil saʼy-harakatlar olib borilyapti. Qurilish ishlarini moliyalashtirish, zarur binokorlik materiallarini uzluksiz yetkazib berilayotgani pudratchi tashkilotlar mehnat unumi yuqori boʻlishini taʼminlamoqda.