Fargʻona xabarlari qisqa satrlarda
Unda viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari, boshqarma va boʻlim rahbarlari ishtirok etdi.
Fargʻona viloyat hokimligida Prezidentimiz raisligida 8-yanvar kuni oʻtkazilgan davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida investitsiya va eksport boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari, boshqarma va boʻlim rahbarlari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Sh. Gʻaniyev, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, viloyatda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga doir istiqbolli rejalar xususida soʻz yuritdi. Bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilab olindi.
***
Bugun Fargʻona shahrida 14-yanvar–Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan yugurish marafoni boʻlib oʻtdi. Al–Fargʻoniy koʻchasida oʻtkazilgan marafonda uch mingdan ortiq turli soha xodimi, xotin-qizlar, yoshlar, faxriylar ishtirok etdi.
Fargʻona davlat universiteti oʻyingohida badantarbiya mashgʻulotlari ham oʻtkazildi.
***
Ayni damda Sharqiy harbiy okrugga qarashli Fargʻona dala –oʻquv maydonida Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 28 yilligi bayrami munosabati bilan “Vatanparvarlik-milliy yuksalish kafolati” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda milliy armiyamiz qudratini belgilovchi zamonaviy qurol-yarogʻlar, eng soʻnggi rusumdagi harbiy texnikalar, aloqa vositalari namoyishi bilan birgalikda, harbiylar va yoshlar oʻrtasida sportning milliy kurash, boks, qoʻl jangi, tosh koʻtarish kabi turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Ayniqsa, poligon uzra parvoz qilgan vertolyotlar sadosi, samo lochinlarining xatti-harakatlari, havo desantchilarining amaliy mashq jarayonlari, artilleriya toʻpchilari namoyishi tadbirga alohida ruh bagʻishladi.