Faqat ekishni emas, parvarishini ham o‘ylash kerak
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarga yetarlicha parvarish ko‘rsatilmagani tufayli ularning bir qismi qurib qoldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lum qildi.
7 may kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirlari chog‘ida tumandagi 11 ta tashkilotda ko‘chatlarga nisbatan agrotexnik talablar bajarilmagani, sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani va ekologik tavsiyalarga amal qilinmagani aniqlandi.

Natijada mas’ullarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 4-qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 41 million 250 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi holatlar viloyatning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda. Eng muhimi, daraxt ekishning o‘zi yetarli emas,uni to‘g‘ri parvarishlash, vaqtida sug‘orish zarur. Bu esa “Yashil makon” loyiha samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz: “Yashil makon” loyihasi O‘zbekistonda ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan muhim tashabbus hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri