Faollikka chorlagan milliy aksiya
Buxoro viloyati Yoshlar markazi old maydoni va unga tutash hududlar 14-dekabr kuni odatdagidan gavjum boʻldi.
Buxoro viloyati Yoshlar markazi old maydoni va unga tutash hududlar 14-dekabr kuni odatdagidan gavjum boʻldi. 22-dekabrda boʻlib oʻtadigan mamlakat Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlari oldidan bu yerda “Yangi Oʻzbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida milliy aksiya oʻtkazildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur targʻibot tadbirida siyosiy partiyalar hududiy kengashlari mutasaddilari, saylovchilar, talaba - yoshlar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Maydon mamlakatimiz Davlat bayrogʻi, siyosiy partiyalar bayroqlari, ularning dasturiy shiorlari, turli pannolar bilan bezatilgani tantanaga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Tadbirda bu galgi saylovlarning oʻziga xos jihatlari, jumladan, sohaning mutlaqo takomillashgan huquqiy asoslarini oʻzida mujassam etgan yangi Saylov kodeksi asosida oʻtishi, jarayonda xalqaro demokratik tamoyillar ustuvorligini taʼminlanishiga, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasiga muvofiq, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida yanada dadil qadam tashlashga muhim omil boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Aksiyada Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilhom Farmonov, “Nihol” Davlat mukofoti sovrindori Dilfuza Qobilova kabi taniqli sanʼatkorlar hamda viloyat estrada xonandalari oʻz chiqishlari bilan tadbir qatnashchilariga zavqu shavq bagʻishladilar. Sanʼatkorlar aksiya qatnashchilarini mamlakat ijtimoiy - siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega saylovlarda faol ishtirok etishga chorladilar.
Tadbirning viktorina va savol-javoblar asosida oʻtkazilishi unga boʻlgan qiziqishni oshirdi.
Bu yilgi saylovlarda Buxoro viloyatidan qariyb 1,2 million aholi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 61 ming 590 nafari ilk bor ovoz beradi.
- Institutimizdagi koʻplab talabalar qatori mening ham hayotimda bu yil unutilmas yil boʻladi, - deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti birinchi bosqich talabasi Madina Rajabova. - Ilk bor saylovlarda qatnashish juda masʼuliyatli. Biz ovoz berish orqali jamiyatimizdagi, jumladan taʼlim sohasidagi katta oʻzgarish va islohotlarni qoʻllab- quvvatlagan boʻlamiz.

Tadbirda Buxoroda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlar vakillari ham ishtirok etdi.
- Harbiy qismimizda yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga, xususan, saylovlarga oid qonunchilikni targʻib qilishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda,- deydi ulardan biri Safarali Yarashev. - Bugungi rasmiylikdan xoli boʻlgan aksiya ham saylovlarning mamlakatni demokratik yangilashdagi ahamiyatini yanada chuqurroq anglashimizga xizmat qildi.
Aksiya davomida uning faol ishtirokchilari siyosiy partiyalar viloyat kengashlarining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Saylovchilarning daxldorlik hissini kuchaytirish, ularning faol fuqarolik pozitsiyalarini namoyish etishiga qaratilgan targʻibot aksiyalari viloyatning barcha tuman va shaharlarida boʻlib oʻtdi.