Faol va tashabbuskor qizlar safi yanada ortadi
Andijonda «Yangi O‘zbekistonning faol va tashabbuskor qizlari» shiori ostida qizlar forumi bo‘lib o‘tdi.
11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan viloyat hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, xalq ta’limi va kasbiy ta’limni rivojlantirish boshqarmalari hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan forumda viloyatdagi o‘zining bilimi, ish tajribasi bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan umumta’lim va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, korxona va tashkilotlarning yosh mutaxassislari bo‘lgan faol va fidoyi, shuningdek, joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilingan, maxsus maktab-internatlarda tahsil olgan, ichki ishlar organlari profilaktika hisobida turuvchi qizlar, uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etdi.
– Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad qizlarimizni viloyatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish, xususan, ularda jamiyatdagi jarayonlarga dahldorlik hissini kuchaytirish, – deydi Andijon viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mavludaxon Nizomova.
– Shu orqali ularning faolligi va tashabbuskorligini oshirish, qalblarida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Forum ishtirokchilari dastlab Xotira maydonida bo‘lib, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini yod etdi, “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. Shundan so‘ng Andijon shahridagi Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazi, Ishga marhamat monomarkazi, Muhammad Yusuf ijod maktabi, “Dinar Textil GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sayohat uyushtirildi.
[gallery-4232]
Sayohatlar davomida ishtirokchilar kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdi, mushoira kechasida ishtirok etdi. Ijodkor qizlar tomonidan she’rlar o‘qildi. Tadbir ishtirokchisi, Andijon shahridagi 45- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Omina Sodiqjonova tomonidan o‘qilgan she’r barchada katta taassurot qoldirdi.
Viloyat ichki ishlar boshkarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Gulnoraxon Abduvohidova, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Gulxayo Radjiyeva, Yoshlar parlamenti azosi Madinabonu Abdullayevaning forum ishtirokchilari bilan turli mavzulardagi suhbat va muloqotlarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Andijon tumanida sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida Andijon davlat universiteti talaba qizlari va forum qatnashchilari ishtirokida o‘tkazilgan velemarafon va yurish marafoni qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.
Shundan so‘ng forum tadbirlari Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida davom etdi.
Institut foyisida fan olimpiadalari, turli tanlovlar g‘olibalari, yosh olimalar, hunarmand qizlar tomonidan ko‘rgazmalar, dutorchi va skripkachi qizlarning chiqishlari tashkil etildi. Shuningdek, iqtidorli talabalarning innovatsion g‘oya va loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
– Xonadonlar, xususan, ko‘p qavatli uylarning kvartiralarida mavsumga bog‘liq bo‘lmagan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga mo‘ljallangan uskuna – “Gidroponika” loyihasi taqdimotini o‘tkazdim, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi instituti talabasi Gulzoda Abdullayeva. – Mazkur uskuna uy sharoitidan, mavjud joyning xajmidan kelib chiqib, istalgan xajmda tayyorlab berilishi mumkin. Eng asosiysi, kam mehnat va xarajat sarflab, uy sharoitida ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlar yetishtirish imkonini beradi.
Viloyat bandlik boshqarmasi qoshidagi “Ishga marhamat” monomarkazi o‘quvchi qizlari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan namoyish etilgan milliy va zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi barchada katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida bir guruh faol va tashabbuskor, shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga tavsiyanoma asosida o‘qishga kirgan hamda ichki ishlar organlari profilaktika hisobida turuvchi, lekin ijobiy tomonga o‘zgargan qizlar, forum doirasidagi tanlov, sport musobaqalari viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Taniqli xonandalar, san’at ustalari tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi. Qizlar forumida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA