Facebook, Apple, Google va Amazon ilk bor birgalikda AQSH Kongressiga koʻrsatma beradi
Qoʻshma shtatlarning eng yirik toʻrtta korxonasiga nisbatan antimonopol surishtiruv olib borilmoqda.
Qoʻshma shtatlarning eng yirik toʻrtta korxonasiga nisbatan antimonopol surishtiruv olib borilmoqda. Tergovning fikricha, Facebook, Apple, Google va Amazon kompaniyalari oʻz tarmoqlarida hukmronlik mavqeyini suiisteʼmol qilish va bozorda raqobatchilarning rivojlanishiga toʻsqinlik qilish uchun ustunlik pozitsiyasidan foydalanish holatlariga yoʻl qoʻymoqda.
“Forbes” yaqinda oʻz surishtiruvlari asosida 2020-yilda dunyoning eng qimmat 10 ta brendini aniqladi. Quyidagi roʻyxatda ushbu kompaniyalar nomi va egalik qilayotgan aktivlari qiymati keltirilgan.
1. Apple — 241,2 milliard dollar
2. Google — 207, 5 milliard dollar
3. Microsoft — 162, 5 milliard dollar
4. Amazon — 135, 4 milliard dollar
5. Facebook — 70, 3 milliard dollar
6. Coca-Cola — 64, 4 milliard dollar
7. Disney — 61, 3 milliard dollar
8. Samsung — 50, 4 milliard dollar
9. Louis Vuitton — 47, 2 milliard dollar
10. McDonaldʻs — 46, 1 milliard dollar
Eʼtibor beradigan boʻlsak, jahonning eng boy 10 kompaniyasidan 8 tasi AQSHga, qolgan 2 tasi Janubiy Koreya va Fransiyaga tegishli.
Ushbu xabar bilan birga xorijiy saytlarda manbasi “Forbes” jurnaliga daxldor mavzuga oid yana bir axborot tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, Osiyoning eng boy kishisi, Hindistonning “Reliance Industries” kompaniyasi egasi Mukesh Ambani dunyo milliarderlari “Top-10” roʻyxatidan oʻrin oldi.
Bu voqea korxonaning bir tarmogʻi - 4G aloqa bilan taʼminlash boʻyicha faoliyat koʻrsatadigan “Jio” servisi aksiyalari sotilgach, yuz berdi.
Nashrning yozishicha, yer yuzining eng mashhur tadbirkorlari reytingi tez-tez yangilab turiladi. Soʻnggi roʻyxatda, Ambani 9-oʻrinni band etdi. Bugungi kunda boyligi 64,6 milliard dollarga baholanadigan hind biznesmenining mablagʻi bir necha kun ichida qariyb 3,5 milliard koʻpaydi.
“Reliance Industries” oʻziga tegishli “Jio” servisining 24,7 foiz aksiyasini 15,2 milliard dollarga sotdi. Xaridorlar orasida “Facebook” ham bor. Shundan keyin “Reliance Industries” aksiyalari kuniga 6 foizdan koʻproq qimmatlashdi. Ayni miqdor mart oyidan bu yogʻiga ikki baravar ortgani aytilmoqda.