Ezgu va xayrli tashabbuslar ko‘payaversin
Buxoro shahridagi “Navro‘z” ko‘chasida yashovchi Hamida Homidova hamda Hikmatillo Asatullayevlar oilasi Mehribonlik uyining 5 nafar tarbiyalanuvchilarini o‘z bag‘riga oldi.
Tadbirda viloyat hamda shahar hokimligi mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Mehribonlik uyi rahbariyati, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
–O‘g‘lim, katta leytenant Murodjon Rahmatulloyev Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyatining farmoyishiga asosan shahrimizdagi Mehribonlik uyiga mas’ul etib belgilandi, – deydi, bolakaylarning bo‘lg‘usi onasi Hamida Homidova. – Shu kundan boshlab, o‘g‘limga ushbu maskandagi qalbi o‘ksik bolajonlarni asrab olish bo‘yicha savobli ishga qo‘l urishni taklif qildim. O‘zim maktabgacha ta’lim tashkilotida 20 yildan buyon tarbiyachi bo‘lib ishlab kelaman. Bolalar bilan doimiy ravishda birgaman. Shu ma’noda, biz ham ushbu dargohdagi 5 nafar, 2 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan Sabrina, Sevara, Ruxsora, Shahruza, Muhammadali ismli bolakaylarni o‘z tarbiyamizga oldik. Bugun uyimizda quvonchli kun. Oilam yana 5 nafar farzandga ko‘paydi. Ishontirib aytamanki, bolajonlarni o‘z farzandlarimday ko‘rib, kelgusida ularning tarbiyasida mas’uliyatli bo‘laman. Jamiyatimiz va davlatimiz uchun nafi tegadigan yetuk insonlar etib voyaga yetkazaman.



Zarif Komilov, O‘zA