Eskrou tizimi orqali 40 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan eskrou tizimi bosqichma-bosqich keng joriy etilmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tartib aholi va tadbirkorlar tomonidan faol qo‘llanilmoqda.
2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish tartibi amaliyotga tatbiq etildi. Yangi mexanizmga ko‘ra, xaridor mablag‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchiga o‘tkazilmaydi, balki bankda maxsus eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi. Bitim to‘liq yakunlangach, mablag‘ sotuvchiga o‘tkaziladi.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, 1-apreldan 7-maygacha bo‘lgan davrda eskrou hisobvaraqlari orqali jami 40 ming 767 ta bitim rasmiylashtirilgan. Shundan 23 ming 804 tasi transport vositalari, 16 ming 963 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida eng yuqori faollik Toshkent shahrida kuzatilib, bu yerda 11 ming 679 ta bitim amalga oshirilgan. Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati — 3940 ta va Samarqand viloyati — 3614 ta bitim bilan egallagan.
Shuningdek, Andijon viloyatida 3128 ta, Namangan viloyatida esa 2856 ta bitim rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Ekspertlarning fikricha, eskrou tizimi oldi-sotdi jarayonlarida moliyaviy xavflarni kamaytirish, hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi mexanizm orqali xaridor va sotuvchining huquqiy manfaatlari himoya qilinib, bitimlarning xavfsiz amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA