Ertaga Sohibqiron siymosi aks ettirilgan metro poyezdi harakatlanadi
Ulug‘ ajdodlarimiz siymosi, ularning ilm-ma’rifat bilan amalga oshirgan har bir ibratli ishlari bugun xalqimiz qalbiga iftixor bag‘ishlab kelmoqda.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ertaga – 9-aprel kuni “Toshkent metropoliteni” DUK Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishi rejalashtirilgan.
Jumladan, metropolitenning “Chilonzor” yo‘nalishi bo‘ylab Sohibqiron Amir Temur siymosi aks ettirilgan maxsus bezakli metro poyezdi harakatga tushiriladi.
Ushbu tashabbus buyuk ajdodimizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning yana bir ifodasi bo‘lib, yo‘lovchilar qalbida milliy g‘urur hamda tariximizga bo‘lgan qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK ma’lumotida.
Shuningdek, mazkur metro poyezdi tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Amir Temur xiyoboni” metro bekatida qo‘shimcha 1 daqiqa to‘xtab turishi ham rejada bor.
A.RUSTAMOV, O‘zA