Eronda 100 mingdan ortiq fuqarolik ob’ekti zarar ko‘rdi
So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy amaliyot Eronning fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan. "Point" nashri e’lon qilgan statistika vaziyat naqadar og‘irligini ko‘rsatmoqda. Zarbalar natijasida mamlakat bo‘ylab jami 105 325 fuqarolik manzili shikastlangan, talafotning asosiy qismi aholi yashash joylariga to‘g‘ri keladi.
Xususan, 83 351 turar-joy binosi vayron bo‘lgan yoki zararlangan. Poytaxt Tehronning o‘zida 39 508 uy-joy va tijorat maskani hujumdan jabr ko‘rgan. Harbiy harakat nafaqat binolar, balki hayotiy muhim ijtimoiy ob’ektlarga ham ta’sir ko‘rsatgan: 297 shifoxona va davolash muassasasi, 48 tez yordam mashinasi hamda 3 sanitar aviatsiya vertolyoti ishdan chiqqan. Shuningdek, 600 maktab shikastlangan. Insonparvarlik yordami sohasida ham jiddiy yo‘qotish kuzatilib, Qizil yarim oy jamiyatiga qarashli 18 markaz zarar ko‘rgan.
Umuman, mazkur zarbalar natijasida yuzaga kelgan vayronagarchilik mamlakat ijtimoiy va sog‘liqni saqlash tizimiga sezilarli bosim yuklamoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA