Eron tashqi ishlar vazirligida uchrashuv
Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mehdi Safariy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot jarayonida oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar, muloqotlar hamda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi yakunlari ijrosini ta’minlash, jumladan, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Ilm-fan va innovatsiya sohasida hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatini sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari doirasida e’lon qilingan qo‘shma «startap» loyihalari ijrosini jadallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli munosabatni yanada rivojlantirish istiqboli atroflicha muhokama etildi. Tomonlar kun tartibidagi boshqa qator muhim masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
O‘zA