Eron kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirdi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Eronning “Abrisham Tajhiz Daroo” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga mamlakatimizda farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar hamda “BioPharma City” innovatsion farmatsevtika klasteri doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, “Abrisham Tajhiz Daroo” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirib, tibbiy buyumlar va yuqori texnologik tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek kelgusida “BioPharma City” hududida ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganayotganliklarini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari yuzasidan muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Dilbar Nishonova, O‘zA