Eron AQSHga Hurmuz bo‘g‘ozini ochish va urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik rejasini taklif qildi
Eron Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish va urush holatiga chek qo‘yish maqsadida AQSH ma’muriyatiga yangi kelishuv rejasini taqdim etdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy tomonidan Islomoboddagi muzokara doirasida pokistonlik vositachilar orqali yetkazilgan bu taklifda Hurmuz bo‘g‘ozini ochish va portlardagi qamalni bekor qilish sharti ko‘rsatilgan. Vashingtonning javobi esa hali noma’lum.
Bu haqda “Axios” portali xabar bergan. Rejaga ko‘ra, tomonlar o‘t ochishni uzoq muddatga to‘xtatishi yoki urushni butunlay tugatish bo‘yicha yakuniy bitimga kelishi zarur. Iqtisodiy va harbiy cheklov olib tashlangach, Tehron yadro dasturi bo‘yicha muzokara boshlashga tayyorligini bildirgan.
Oq uy ushbu taklifni olgan bo‘lsa-da, Vashingtonning shartga rozi bo‘lish-bo‘lmasligi ma’lum emas. Tahlilchilar fikricha, qamal bekor qilinishi AQSHning Eron yadro dasturiga ta’sir o‘tkazish vositasini cheklab qo‘yishi mumkin. Prezident Donald Tramp 27-aprel kuni o‘z jamoasi bilan mavjud vaziyat va keyingi ehtimoliy qadamlarni atroflicha muhokama qilishi kutilyapti. Avvalroq Eronning qat’iy pozitsiyasi tufayli o‘z vakillarining Pokistonga safarini bekor qilgan Amerika yetakchisi endi Tehronning yangi tashabbusiga nisbatan munosabat bildirishi lozim. Eslatib o‘tamiz, mintaqada mojaro boshlangandan buyon Hurmuz bo‘g‘ozi yopiq, Eron portlari AQSHning qat’iy dengiz qamali ostida turibdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA