Erk va ozodlik kurashchilari xotirasi unutilmaydi
Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, yetmish yildan zityod vaqt mobaynida davom etgan sobiq sho‘ro tuzumi xalqimizning milliy, diniy qadriyatlarini asrab-avaylashga yo‘l qo‘yilmadi.
XX asr boshida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Turkiston zamining ilg‘or vakillari istiqlol, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi. Turli manbalarda ta’kidlanishicha, bu kurashda 1 million 900 ming nafar turkistonliklar Vatandan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi, 1 million nafardan ziyodi Sibirga, Uzoq Shimolga, Ukrainaga, Shimoliy Kavkazga, Uralga, Qozog‘istonga, Uzoq Sharqqa, Kavkaz, Volgabo‘yi rayonlariga badarg‘a qilindi.
Tariximizning qatag‘on bilan bog‘liq sahifalari bugun qanday o‘rganilmoqda? Yurtdoshlarimiz, yoshlar ana shu haqda nimalarni biladi?
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab, tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xususan, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga qaratilgan juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Bu borada poytaxtimiz Toshkentda hamda viloyatlarda tashkil etilgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.


Jumladan, 2018-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Z.Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi jamoasi tomonidan ham qator ishlar amalga oshirildi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi uchun universitetning yangi o‘quv binosining birinchi qavatidan joy ajratilgan. Ayni kunda muzeyning umumiy maydoni 741,8 kvadrat-metr bo‘lib, katta zal, 9 bo‘limdan iborat ekspozitsiya zallari mavjud. Muzey eksponat va ko‘rgazmali vositalar uchun zamonaviy mebellar, infokiosk, videoproyektor kabi texnik jihozlar hamda ekspozitsiya zallari mikroiqlimini mo‘’tadillashtirib turuvchi maxsus qurilma bilan ta’minlangan.
– Muzeyimiz yurtimiz tarixi, xususan, qatag‘on davri tarixiga oid jud ko‘p manbaalarga ega, – deydi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov. – Muzey fondi va zallaridan 30 ta portret, 15 ta banner, 9 ta xarita, 1 ming 200 dona tarixiy rasm, 2 ming 698 ta matnli ma’lumotlar, 359 ta gazeta, 562 ta arxiv hujjatlari, 1 ming 560 ta mavzuga oid kitoblar, 42 ta tarixiy buyum, 18 ta stend, 110 ta jurnal, jami 6 ming 598 ta eksponat o‘rin egallagan. O‘tgan yillar davomida mutaxassislarimiz tomonidan yurtimiz va xorijiy davlatlar arxivlarida saqlanayotgan qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq 1 mingdan ziyod hujjatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 200 dan ortiq maqola, 100 ga yaqin kitoblar nashr etildi, ko‘plab seminar va anjumanlar o‘tkazildi.


Darhaqiqat, professor Rustambek Shamsutdinov hamda bir guruh olimlar, tadqiqotchilar muallifligida 2021-yilda “Akademnashr” nashriyotida ikki tomlik “Qatag‘on qurbonlari xotira kitobi. Andijon viloyati (1865-1991-yillar)” kitobi nashr etildi. Mazkur kitob 2025-yilda to‘ldirishlar qilingan holda qayta chop etildi.
Ushbu kitobdan 1860-1916-yillarda xalq qo‘zg‘olonlarida qatnashganligi uchun jazolangan 1 ming 285 nafar, 1917-1924-yillarda sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan 93 nafar, 1926-1936-yillarda turli siyosiy ayblovlar va “quloq”lashtirish qurboni bo‘lgan 871 nafar, 1937-1938-yillardagi “katta qirg‘in” qurboni bo‘lgan 2 ming 33 nafar, 1940-1950-yillarda qatag‘on qilingan va “Paxta ishi” qurboni bo‘lgan 121 nafar, jami 4 ming 403 nafar inson haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan
O‘tgan 2025-yili va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qatag‘on qilingan jadidlardan 40 nafari haqida tarixiy, hujjatli ocherklar e’lon kilindi. “Jadid" gazetasining “Qatag‘on qurbonlari” rukni ostida 700 nafar katag‘on qurbonining hayoti va faoliyati qisqacha yoritildi. “Vodiynoma” ilmiy, ijtimoiy-tarixiy va ommabop jurnalida jadidchilik tarixi va jadidlarga bag‘ishlangan 200 yaqin ortiq ilmiy-ommabop maqolalar e’lon kilindi.
Shuningdek, o‘tgan yili “O‘rta Osiyoda jadidchilik harakati tarixi” mavzusida ilmiy-tadqiqot amalga oshirildi. Ana shu ilmiy-tadqiqot natijasida “Akademnashr” nashriyotida R.Shamsutdinov, A.Mahkamov, N.Akbarova muallifligida “O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakati tarixidan” nomli kitob chop etildi. Unda qatag‘on etilgan 35 nafar jadidlarning hayoti, taqdiri haqida birlamchi manbalar asosida ma’lumotlar keltirilgan.


Qatag‘on qurbonlari va jadidlarning viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti, faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash, o‘rganish maqsadida olim va mutaxassislardan iborat guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan birlamchi arxiv hujjat va materiallar asosida 60 nafarga yaqin qatagon kurbonlari aniqlandi, ular haqidagi to‘plangan ma’lumotlar muzey fondiga joylashtirildi.
Muzey tashabbusi bilan sovet tuzimi davrida qatag‘on qilingan Saidsulton Saydalin, Jalil Baratov, Inomjon Xidiraliyev, Shamsiddin Badriddinovning avlodlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlarda olimlar, davlat idoralari, keng jamoatchilik vakillari, talabalar ishtirok etdi.
Yil boshida Andijon davlat universitetida qatag‘on qurboni bo‘lgan aka-uka Xasanxon va Xusanxon Niyoziylarning xotirasiga bag‘ishlab “O‘chmas chiroqlar” deb nomlangan respublika ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.

Keyingi yillarda muzey eksponatlarini boytish, yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar olib borildi. Jumladan, turli bo‘lim va zallarga Rossiya imperiyasi bosqini va mustamlakachilik istibdodiga qarshi kurash mavzusiga, shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon, Mirkomilboyning hayoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar, qatag‘on qurboni bo‘lgan ayollarga bag‘ishlangan “Aljir lageri”, Inomjon Xidiraliyev va Bokudagi Sharq xalqlarining birinchi s’ezdi mavzulari hamda “GULAG” lageridagi mahbuslar hayoti va faoliyatiga oid yangi stendlar o‘rnatildi.
Olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, muzeyga tashrif buyuruvchilar soni ham yildan-yilga ortmoqda. 2024-yilda muzeyga 8 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan 2025-yilda ularning soni 10,5 ming nafardan ortdi. Tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etdi.
Bu, albatta, xalqimiz, ayniqsa yoshlarning tariximizga, milliy o‘zlikni anglashga, tarixiy haqiqatlarni bilishga bo‘lgan ishtiyoq va qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu yorug‘ va dorilamon kunlarni barpo etish yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga kuch-quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklaydi. Erk va ozodlik yo‘lida kurashgan yurt fidoyilarini, ularning ezgu va xayrli ishlarini xalqimizga tanitish yo‘lda ish olib borayotgan muzey jamoasi faoliyati ishonamsizki, bundan buyon yanada samarali bo‘ladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari