Ergash Jumanbulbul yurtida yana baxshilar jam bo‘ldi
10-12 may kunlari Qo‘shrabot tumanida “Qo‘shrabot navosi-2025” respublika baxshilar tanlovi hamda “Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirlarda taniqli baxshilar, Turkiya, Xitoy va Qozog‘istondan kelgan san’atshunoslar hamda O‘zbekistonda baxshichilik yo‘nalishi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat xodimlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Festivalning ochilish marosimi Qo‘rg‘on qishlog‘idagi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li muzey majmuasida xalq sayli tarzida boshlanib, kechki payt Jo‘sh istirohat bog‘ida katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev tadbir qatnashchilari va mehmonlarni tabriklab, yurtimizda baxshichilik san’ati an’analarini davom ettirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li kuylagan dostonlar bugun ham yosh baxshilar tomonidan kuylab kelinayotgani ta’kidlandi.
“Qo‘shrabot navosi-2025” respublika baxshichilik tanlovida 10-17 yosh, hamda 18 va undan katta yoshdagi baxshilar dostonlardan parchalar hamda termalar kuyladi.
[gallery-23298]
– Tanlovda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 71 nafar baxshi ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston xalq baxshisi Rasul Umirov. – Har birining o‘ziga xos ovozi, yo‘nalishi bor. Shuning uchun ham biz, hakamlar hay’atiga tanlov g‘oliblarini aniqlash oson kechmadi. Tanlov bahona tajriba almashildi, mahorat darslari tashkil qilinib, yangi ovozlar, yangi iste’dodlar kashf etildi.
Tumanning Pangat qishlog‘idagi soy bo‘yida festival ishtirokchilari uchun sayil uyushtirildi. Tog‘lar bag‘rida joylashgan dam olish maskanlarida qadim qadriyatlarimiz aks yettirilgan madaniy chiqishlar, milliy taom - bodom oshi, tut shinnisi va qoqining tayyorlanish jarayonlari mehmonlar e’tiborini tortdi.
– Ko‘p davlatlarda bo‘lganman,–- deydi turkiyalik san’atkor Arzu Ay. – Lekin O‘zbekiston boshqacha, ayniqsa, bugun festival o‘tayotgan Qo‘shrabot tumanining musaffo havosi, taomlarining mazasi, odamlarining mehmondo‘stligi tahsinga loyiq. Hududlarda o‘tayotgan festival doirasidagi qaysi tadbirga borsak, o‘zbek baxshilarining termalarini tingladik, tajriba almashdik.
“Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li merosi” mavzusidagi konferensiya festivalning asosiy, muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda folklorshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjumanda “Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi”, “Baxshichilik san’atining yangi davrdagi taraqqiyoti”, “Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining boy ma’naviy merosi va uning xorijiy davlatlarda o‘rganilishi” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
Festival doirasida “Uch avlod uchrashuvi”, “Yosh rassomlar ijodiy tanlovi”, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, ot sporti musobaqasi, uloq-ko‘pkari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tanlov g‘oliblari, faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari