Erdog‘an: YeI Turkiyasiz global kuchga aylana olmaydi
Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an Yevropa Ittifoqini Anqaraga nisbatan siyosiy qarashlarini keskin o‘zgartirishga chaqirdi. U YeIni Turkiya ishtirokisiz haqiqiy kuch markazi bo‘la olmasligini ta’kidlab, blokni "strategik ko‘rlik"da aybladi.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa murojaat qilgan davlat rahbari, Bryussel Turkiyaning konstruktiv harakatlarini qadrlashi va ijobiy yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar bermoqda.
Prezident o‘z nutqida zamonaviy Turkiya endi avvalgidek kuchsiz davlat emasligini va dunyo faqatgina G‘arb davlatlarining ta’sir doirasidan iborat bo‘lib qolmaganini eslatib o‘tdi. U mamlakatning YeIga 1959-yildan buyon davom etib kelayotgan a’zolik jarayoniga to‘xtalar ekan, Anqara ko‘plab adolatsizliklarga duch kelgani, biroq hanuz to‘liq a’zolik maqsadidan voz kechmaganini bildirdi.
Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qutbli dunyo tizimida Turkiya ilg‘or markazlardan biriga aylanish salohiyatiga ega. Prezident Yevropa rahbarlarini tarixiy stereotiplarni bir chetga surib, Turkiya bilan teng va samimiy munosabatlar o‘rnatish orqali kelajakni birga qurishga chaqirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA