Erali Rizayev: “Yaylov dangasani yoqtirmaydi”
Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi “Saxob ota qorako‘l nasl” MCHJning bosh cho‘poni Erali Rizayev Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Nurobodlik cho‘pon Erali aka soddadil, kamtarin, mehnatkash inson. U shukronalikni yaxshi ko‘radi.
–Shu yerda tug‘ildik, yashayapmiz, allohga shukr bir otar qo‘yimiz bor, ro‘zg‘or to‘kin o‘tyapti, birovdan kamimiz yo‘q, – deydi biz bilan suhbatda qahramonimiz. – Go‘sht, sut, non sotib olish degan gapni bilmaymiz. Bolalarimiz po‘rim kiyinmagan bo‘lsada iligi to‘q, kurashga tushsa har qanday yigitni yelkasidan oshirib otadi. Tuyalar, tulporlarning ham kelbati haybatli. Bir so‘z bilan aytganda hammasi zo‘r.

Darhaqiqat, elning tinchligi, oila obodligi, farzandlar kamoli, chorvaning barakasi – mana shular cho‘ponning quvonchi.
Sun’iy mahsulotlar nechog‘lik ko‘payib, rang-baranglik kasb etayotgan bo‘lsada, tabiiy ne’matlarga, buyumlarga talab dunyo bozorida ortib bormoqda. Buning sababi oddiy: tabiiy mahsulotlar inson ruhiyati, jismini buzishga emas, balki sog‘lomlashtirishga, juda bo‘lmaganda zararli illatlardan himoyalashga xizmat qiladi. Ana shu ma’noda olib qaralganda dunyodagi sanoqli mamlakatlarda nomi tilga olinadigan qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish juda muhim, juda zarur.
Shu o‘rinda kichik bir ma’lumot: Nurobod tumanidagi “Saxob ota qorako‘l nasl” MCHJ raisi Do‘sali Qahhorov 2011 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan edi. Oradan 12 yil o‘tgach, shu yil Prezident farmoniga ko‘ra bu yuksak mukofotga shu xo‘jalikning tajribali va ilg‘or bosh cho‘poni Erali Rizayev munosib ko‘rildi. Respublika yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi raisi Erkin Hayitov ilg‘or cho‘ponni tabriklab maxsus noma yo‘lladi. Ushbu tabrikda Prezidentimiz tomonidan qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish, uning iqtisodiy salohiyatini oshirishga jiddiy e’tibor berilayotgani aholida ta’kidlangan.

Biz ilg‘or cho‘pon mehnat qilayotgan xo‘jalikda bo‘ldik. Erali cho‘ponning otarida, xonadonida suhbatimiz avjiga chiqdi.
– Xo‘jaligimizda bilimdon va yaylov fidoyisi hisoblangan kishilar juda ko‘p. Sayfiddin Mamatov, Behruz Yo‘ldoshev, Bekzod Barakayev, Ozod Ernazarov. Ularni har qancha maqtasak arziydi. Ana shu mutaxassislarning hammasi bugun Erali akamizga havasmand. Chunki u bugun – qahramon, xo‘jaligimizning faxri. U 2006 yil “Shuhrat” medali olgan edi, bu gal xizmat ko‘rsatgan chorvador bo‘ldi. Ofarin. Bugun uni yana bir karra tabriklab turibmiz. Ilohim oilasi baxtiga sog‘-salomat bo‘lsin, – dedi MCHJ raisi Do‘sali Qahhorov. – Shu o‘rinda ayrim raqamlarga ham e’tiboringizni qaratay. Yaylovimiz 25 ming 500 gektardan ortiq. Professor Abdulla Rabbimov va uning shogirdlari bilan doimo aloqadamiz. Olimlar 10 gektarlik maydonda yaylov o‘simliklari urug‘chiligini tashkil etgan. Nasib etsa, bu tadqiqotlar tez orada o‘z natijasini beradi. Yaylov boyitilsa, ozuqa ko‘paysa, albatta chorva bosh soni ham ortadi. Gap MCHJ iqtisodini ko‘tarish, qorako‘l qo‘ylarni ko‘paytirish, tuyachilikda yutuqlarga erishish haqida borar ekan, Sherali Rizayev, Bo‘ron O‘rozov singari chorvadorlar nomini qayta va qayta tilga olgim keladi. Chunki ular qiyinchilikdan qo‘rqmay, shu yerda oilasi bilan ulkan bir daraxtdek tomir otib yashayapti, ishlayapti.
– Ochig‘i bu unvon menga, oilamizga behad katta quvonch keltirdi, – deydi Erali Rizayev. – Chunki xo‘jaligimizda, respublikamizda yuzlab dongdor cho‘ponlar, zukko mutaxassislar bor, ular orasidan meni tanlashgani, Prezident tomonidan mukofotlanmoq katta baxt, e’tirof. Kamtarin mehnatimni shu qadar yuqori baholagani, hurmat-e’tiborimni osmon qadar ko‘targani uchun davlatimiz rahbariga katta rahmat.
Cho‘ponning so‘zlariga qaraganda sabr-qanoatda, insofu diyonatda hikmat ko‘p. Alloh bergan rizqqa qanoat qiling, farzandlarni mehnatkash qilib tarbiyalang, ular ro‘zg‘or nimaning hisobidan to‘kin bo‘layotganini bilib tursin, o‘sha jarayonda o‘zi ham ishtirokchi bo‘lsin, shuni o‘zi yutuq. Bunday oilada g‘irromlik urchimaydi, insoniy munosabatlar barqaror bo‘ladi.
– Yil og‘ir keladimi, yomg‘ir yog‘adimi yo‘qmi, kun qiziydimi, sovib ketadimi, bari bir biz qo‘ylarni boqaveramiz, – deydi Erali cho‘pon g‘ururlanib. – Ba’zi kishilar uyiga mehmon kelsa qassobga yugur, novvoyxonaga chop deb shoshib qolar, bizda esa bu masalaning yechimi tayyor. Nonimiz ham, go‘shtimiz ham o‘zimizdan chiqadi. Har gal mehmon kelganda xo‘roz emas, qo‘chqor so‘yadigan holimiz bor. Chunki Alloh mehnat qilganga, mashaqqatdan cho‘chimaganga rizq beradi. Yaylov dangasani yoqtirmaydi. Ko‘rib turganingizdek dang‘illama uyimiz, hu anovi qirga ulashadigan hovlimiz, so‘nggi rusumdagi avtomashinamiz bor. Hech kimdan kam joyimiz yo‘q. Yangangiz bilan 4 qiz va 2 o‘g‘ilni tarbiyalab uyli-joyli qildik, elga qo‘shdik. Ayni chog‘da nabiralarni uylantirish taraddudi bilan yashayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda hayot mazmunli o‘tyapti. Agar nurobodlik cho‘ponlar haqida yozar bo‘lsangiz shu tilagimni ham qo‘shib qo‘ying. Ona yurtimizning gullab yashnashi, istiqboli uchun jon kuydirayotgan Prezidentimiz sog‘-omon bo‘lsin, alloh barchamizni o‘z panohida asrasin. Sohamizda yutuqlar ko‘payaversin.
Abdunabi Aliqulov, O‘zA