Eng zukko qizlar g‘olib bo‘ldi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Balli qizlar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbir tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
– Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydi, – deydi tadbirda so‘zga chiqqan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari D.G‘afforova. – Ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning bu purma’no so‘zi har bir davrda o‘z isbotini topgan. Shu bois ham yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishi va barcha sohalarda o‘zini ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Gul o‘ssa – yerning ko‘rki, qiz o‘ssa – elning ko‘rki, deydi dono xalqimiz. Oilada qiz farzand dunyoga keldimi, otaga mehribon, onaga suyanchiq, millat ertasini davom ettiruvchi bo‘ladi, deya quvonamiz. Millat davomchisi bo‘lmish qizlarni ma’rifatli, ziyoli va onalik maqomiga munosib qilib voyaga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Qizlarimizga ma’naviy-milliy madaniyatni shakllantirish, estetik, tabiiy va ijtimoiy muhitga bosqichma-bosqich o‘tishlari, oila muqaddasligini hozirdan singdirib borish hamda odobli, bilimdon, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli qilib tarbiyalashda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tanlov to‘rt shart asosida o‘tkazildi.
[gallery-14131]
G‘oliblar diplom hamda tuman hokimligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.