Eng yaxshi hamshiralar aniqlandi
Poytaxtimizdagi Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida “Yilning eng yaxshi hamshirasi” an’anaviy respublika ko‘rik- tanlovning Toshkent shahri bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda poytaxtimizdagi tumanlar miqyosida o‘tkazilgan bellashuvlarda saralangan hamshiralarning tibbiyot sohasiga doir amaliy ko‘nikma va malakalari, nazariy bilimlari hamda ijtimoiy-siyosiy savodxonligi sinovdan o‘tdi.
Yakunda Olmazor tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasining pulmonolog hamshirasi Mushtariybonu Karabayeva tanlov g‘olibiga aylanib, bellashuvning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Yilning eng yaxshi hamshirasi” ko‘rik-tanlovining ushbu bosqichida faxrli uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘rta tibbiyot xodimlari o‘zlari faoliyat yuritayotgan muassasa rahbarining buyrug‘i bilan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh, olti va yetti barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
M.Qosimova, O‘zA