Eng saralar Prezident maktabiga o‘qishga kiradi
Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi sport saroyida viloyatdagi Prezident maktabiga 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul imtihonlarining birinchi bosqichi boshlandi.
Viloyatdagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab hamda maktab-internatlariga 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari jarayonini tashkil etish bo‘yicha viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar hamkorligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, imtihonlar o‘tishi belgilangan Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi binosi parta va stullar bilan to‘liq jihozlandi, barcha sovutgichlar ishchi holatiga keltirildi. Bino atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, ota-onalar kutish joyidagi daraxtlarning soya-salqinida yaxna ichimliklar va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yildi. Videokuzatuvlar, internet tarmoqlari to‘liq ishlamoqda. Bannerlar tegishli joylarga o‘rnatilib, imtihon jarayonida ishtirok etayotgan pedagog-xodimlar (guruh rahbarlari va nazoratchilar)ni shakllantirishda yosh jihatiga va salohiyatiga alohida etibor qaratilgan.
Hududiy boshqarmalarning mas’ul xodimi hamda Prezident maktabi direktori bilan birgalikda guruh rahbarlari, nazoratchilar, binoning kirish qismida o‘quvchilarni qabul qilishga mas’ul xodimlar hamda bino rahbarlarini imtihon o‘tkaziladigan tegishli binoga taqsimlangan.
– Meni bolajonlarning imtihonlarga kattalardek, mas’uliyat bilan yondashayotgani xursand qildi, – deydi Jizzax viloyatidagi Prezident maktabi direktori Azizbek G‘aybullayev. – Maktabimizga hujjatlar qabuli “ariza.piima.uz” platformasi orqali amalga oshirilib, jami 3 ming 800 nafardan ortiq da’vogar ro‘yxatdan o‘tgan. 2024-2025 o‘quv yili uchun mazkur o‘quv muassasamizga qabul 24 nafar etib belgilangan. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bir o‘ringa 160 nafardan ortiq o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Kirish test imtihonlari 2 bosqichda o‘tkazilib, bugun viloyatning turli shahar va tumanlaridan hujjat topshirgan bolalarning eng yuqori bal to‘plagan 400 nafari saralab olinib, joriy yilning 26 iyul kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan 2-bosqichda ishtirok etadi. Ushbu bosqichda eng yuqori ball to‘plagan 24 bola Prezident maktabiga qabul qilinadi. Yuqori ball to‘plagan qolgan o‘quvchilar ijod maktabiga, Al Xorazmiy nomidagi, Ibn Sino nomidagi, shahar va tumanlardagi ixtisoslashgan hamda tayannch maktablariga, yashash hududlaridan kelib chiqib o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
– Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab hamda maktab-internatlariga 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish test imtihonlari jarayoni davomida jamoat tartibini saqlash maqsadida 12 nafar ichki ishlar, 10 nafar Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari xizmatchilari jalb etilgan, – deydi Jizzax viloyati IIB JXXB jamoat tartibini saqlash bo‘limi podpolkovnigi Jasur Xudoynazarov. – Favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash va boshqa mutasaddi xodimlar bilan hammamiz hamkorlikda faoliyat yurityapmiz. Bolajonlar imtihon topshirish jaryonida hech qanday muammoga duch kelmaydi, xavfsizliklari to‘liq ta’minlangan. Imtihonlar o‘tayotgan Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi joylashgan Istiqlol ko‘chasining ikki tomoni viloyat YHXB xodimlari tomonidan ertalab soat 7:00 dan kech soat 19:00 ga qadar vaqtincha yopilib, avtomobil qatnovi to‘xtatilgan. Imtihon topshirayotgan farzandlarining ota-onalari xavfsizligi hamda quyosh urmasligi uchun soya-salqin joylarga o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Jamoat tartibini saqlash to‘liq nazoratda.
[gallery-18167]
– Men Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi 2-bosqich talabasiman, – deydi Zomin tumanida istiqomat qiluvchi Muyassar Abduxoliqova. – O‘g‘limning orzusi Prezident maktabiga o‘qishga kirish edi. Hozirgina kirish test imtihonini topshirgani kirib ketdi. Juda ham kuchli hayajondaman. Xudoyimni o‘zi bolajonimni omadini berib, imtihonlarini a’lo baholarga topshirsin va shu maktabga o‘qishga kirib yuzimizni yorug‘ qilsin. Kelajakda oliy ta’lim muassasalariga ham o‘qishga kirib, aqlan yetuk, bilimli bo‘lib, el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lib kamol topsa, men dunyodagi eng baxtli ona bo‘lardim. Xudoyim, farzandi imtihon topshirgani kirgan har bir ota-onani quvonch tuyg‘usidan bebahra qoldirmasin.
Jizzaxdagi Prezident maktabiga adolatli, shaffof va xavfsizliklari ta’minlangan tarzda o‘tayotgan kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bugun nihoyasiga yetdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/LsSg9oI1ojQ?si=_sRoeT5b2PGi2Dzz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA