Eng qimmat yoki eng boy shaharlar e’lon qilindi
Yevropaning ikki va Osiyo qit’asining bir shahri dunyoning o‘ta qimmat, ya’ni eng yuqori narx-navo qayd etilgan hududlari sifatida rekord o‘rnatishdi.
Bu mo‘’jizaviy shaharlar qaysilari va qayerda joylashgan ekan, degan savolga mutaxassislar javob berishdi.
Buyuk Britaniya ekspertlari xulosasiga ko‘ra, yer yuzining yashash eng qimmat bo‘lgan shaharlari “poyga”sini Parij, Syurix va Gonkong boshqarib boryapti. Tadqiqot davomida ko‘rsatkichlar barcha me’yorlar bo‘yicha tahlil qilingan: jahonning 133 yirik hududida 140 band asosida mahsulot va xizmat turlari narxi ko‘rib chiqilgan. Nomlari keltirilgan Fransiya poytaxti va Xitoy tarkibidagi Gongkong hamda Shveysariyaning eng katta shaharlaridan biridan tashqari ro‘yxatning yuqori qismidan avvalgi g‘olib shahar-davlat Singapur, shuningdek, Osaka, Jeneva, Nyu-York, Kopengagen, Los-Andjeles va Tel-Aviv o‘rin olgan. Guvohi bo‘lganingizdek, Yaponiya, AQSH, Daniya va Isroil mamlakatlari ham qimmat joylar sifatida e’tirof etilgan.
Izlanish to‘laqonli bo‘lishi uchun olimlar eng arzon shaharlarni ham aniqlashdi. Bu borada Suriya poytaxti Damashq yetakchilik qilmoqda. Shunga yaqin ko‘rsatkichlar Olmaota, Karakas, Lusaku va bizning poytaxtimiz Toshkentda kuzatilgan.
Ma’lum qilinishicha, muayyan shahar mazkur ro‘yxatda qanday o‘rinni egallashi bevosita mamlakat milliy valyutasining AQSH dollariga nisbatan qiymatiga bog‘liq ekan. Zero, tadqiqot natijalari tegishli narx-navo, ya’ni mahsulot va xizmatlar qiymati Amerika pul birligiga o‘girilgan holda chiqariladi. Boshqacha aytganda, valyutaning qadrsizlanishi ham hududda aynan mazkur reyting bo‘yicha hayot kechirish qimmatlashishi yoki arzonlashishiga ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar xulosasida dollarga nisbatan eng yuqori inflyatsiya darajasini boshidan kechirgan shahar sifatida Eron poytaxti Tehron keltirilgan.
O‘zA