Eng qadrli va qimmat “vaksina”
Albatta, Murojaatnomaning butun mazmun-mohiyati oʻziga xos dasturilamal sifatida har birimizni ruhlantirishi va buyuk Vatanimiz, olijanob xalqimiz taqdiri bilan chambarchas bogʻliq holda yangidan yangi reja-yu maqsadlar sari undashi aniq.
Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasida uch yildan koʻproq muddat orasida mamlakatda amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar soyasida bari bir korrupsiya degan illatga qarshi kurash ogʻir kechayotganiga urgʻu berarkan, “rahbarlarimizni, halollik vaksinasi bilan emlamas ekanmiz, davlatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz hayotini farovon qilishdek ezgu maqsadimizga aslo erisha olmaymiz”, deya bevosita hammamizni yana bir bor ogohlikka chorladi.
Albatta, Murojaatnomaning butun mazmun-mohiyati oʻziga xos dasturilamal sifatida har birimizni ruhlantirishi va buyuk Vatanimiz, olijanob xalqimiz taqdiri bilan chambarchas bogʻliq holda yangidan yangi reja-yu maqsadlar sari undashi aniq. Shu maʼnoda, oʻziga xos tahliliy va tanqidiy ruh singdirilgan Murojaatnoma nafaqat parlament aʼzolari uchun, balki shu yurt taraqqiyoti yoʻlida halol yashab, mehnat qilayotgan har bir fuqaro uchun ham katta masʼuliyat yuklaydi. Ayniqsa, oʻtgan yilning sarhisobi hamda joriy va kelgusi yillar uchun barcha sohalarga moʻljallangan dolzarb, hayotiy yoʻnalishlar, ichki va tashqi siyosatga oid, jumladan, qonunchilik, insonparvarlik, soʻz erkinligi, tadbirkorlik himoyasi bilan bogʻliq xalqchil tashabbuslar, bir jumla bilan aytganda, barchaning koʻnglini togʻday koʻtarib yubordi.
Yurtboshimiz 2020-yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deya eʼlon qilish barobarida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini alohida taʼkidladi. Boisi, endi zamon oʻzgardi, talab oʻzgacha, odamlar ham davrga mos ravishda bilim, tajribalarini takomillashtirmasa, zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashdan ortda qolsalar, yutqazishi turgan gap.
Bir oddiy jurnalist sifatida poytaxtimizning muhtasham va fusunkor Xalqaro kongress markazida boʻlib oʻtgan unutilmas tadbirdan bir dunyo taassurotlar bilan qaytdim va Prezidentning “Halollik vaksinasi” haqidagi ibratli yoʻl-yoʻriqlari har kun, har lahza hayotiy ehtiyojimizga aylanishini istadim va Murojaatnomada koʻtarilgan eng muhim va xalq dardiga darmon boʻlishdek gʻoyat ogʻir hayotiy masalalar, muammolar (yutuqlar oʻz yoʻliga-da) yechimini izlash, topishdek mashaqqatli vazifalar har bir vatandoshimning yuragida aks sado berayotganiga ishongim keldi.
Norqobil JALILOV,
“XXI asr” gazetasi bosh muharriri