Endryu Parsonsni hayratga solgan Samarqand
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsons yurtimizga tashrifi davomida ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrini ziyorat qildi.
Parsons Sharq gavhari hisoblanadigan Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, Registon ansambli, Ulug‘bek rasadxonasini katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Bundan tashqari, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Samarqanddagi milliy xunarmandchilik namunalari va xalq amaliy san’ati durdonalari bilan tanishdi. U noyob san’at asarlari, tarixiy obidalar, qadimiy qadamjolar, betakror madaniy meros boyliklari bilan tanishish asnosida O‘zbekistonning turizm salohiyati naqadar yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, jahon paralimpiya harakati rahbari O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar hamda xalqaro miqyosdagi kelishuvlar asosida yurtimizda paralimpiya harakatini yuksaltirish, tarixiy shaharlarda bir qator loyihalarni amalga oshirish borasida maxsus dastur ishlab chiqish lozimligini bildirib o‘tdi.
Xalqaro paralipiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsonsning yurtimizga amalga oshirgan tashrifi yakunlandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA