Endilikda navoiylik haydovchilar Yevropada ishlaydi
Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filiali tashabbusi bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, aholini qonuniy ish bilan ta’minlash va ularni zamonaviy talablar asosida tayyorlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Ruminiyaning “Remarkable Consulting” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik bu boradagi amaliy qadamlarning yorqin namunasidir. Ilgari faqat reja sifatida ilgari surilgan tashabbuslar bugungi kunda aniq natijalar bermoqda.
Joriy yilning 27-yanvar kuni kompaniya vakillarining Navoiy viloyati hokimi N.Tursunov bilan uchrashuvi chog‘ida transport sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv markazlarini tashkil etish, shuningdek, hududning logistika salohiyatidan samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilingan edi.

– Mazkur kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida, joriy yilning 7-8-aprel kunlari Ruminiya kompaniyasi vakillari Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, yuk avtomobili haydovchilarini tanlash jarayonlarini amalga oshirdi, – deydi Agentlikning Navoiy hududiy filiali boshlig‘i Ismat Boltayev. – Saralash jarayonida qariyb 200 nafar fuqaro ishtirok etdi. Jarayon xalqaro talablar asosida uch bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda haydovchilarning amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilib, ularning fura turidagi yuk avtomobillarini boshqarish bo‘yicha malakasi baholandi. Ikkinchi bosqichda nomzodlarning til bilishi, xususan rus tilida muloqot qilish qobiliyati tekshirildi. Bu esa xorijiy ish muhitiga tez moslashish uchun muhim omil hisoblanadi. Uchinchi bosqichda esa psixologik testlar orqali ishtirokchilarning stressga chidamliligi, mas’uliyati va kasbiy mosligi chuqur o‘rganildi.

Eng muhimi, barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi kompaniya bilan mehnat shartnomalarini qo‘lga kiritdi. Endi mazkur saralashdan o‘tgan haydovchilar Qiziltepa tumanida tashkil etiladigan maxsus o‘quv jarayonlarida ishtirok etadi.
O‘quvlarda xorijiy mutaxassislar tomonidan xalqaro standartlar asosida nazariy va amaliy bilimlar beriladi. Yakunda ularga Yevropa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan “Code 95” sertifikati topshiriladi.

Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, nomzodlardan hech qanday vositachilik yoki xizmat haqi undirilmaydi. Barcha xarajatlar ish beruvchi kompaniya tomonidan qoplanadi.
Albatta, Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filiali tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus nafaqat fuqarolarni ish bilan ta’minlash, balki ularni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Kelgusida Navoiyda boshlangan ushbu tajriba respublikamizning boshqa hududlari uchun ham namunaviy maktab bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri