Endi nogironlik pensiyasi fuqaro murojaatisiz ham tayinlanadi
Qonunchilik palatasi majlisida pensiyaga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, fuqarolarga nogironlik belgilanganda, ularga proaktiv shaklda, ya’ni fuqaroning murojaati bo‘lmagan holatda ham pensiya tayinlanishi belgilanmoqda. Bunda pensiya tayinlash jarayoni tegishli idoralarning raqamli tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu esa nogironligi bor odamlarga qulay va oson bo‘lib, ovoragarchiliklarni yuzaga keltirmaydi, jarayonlarni tezlashtiradi.

Shuningdek, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan pensionerning pensiyasini har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblash jarayoni ham fuqaroning murojaatini talab etmasdan (proaktiv shaklda) amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, pensiyadan qarzdorlik yoki boshqa sabab bilan pul undirilganda, uning miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Chegirma qilingandan so‘ng qo‘lga tegadigan pensiya miqdori rasman belgilangan minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi qonun bilan mustahkamlanyapti.

Ushbu tartiblar nogironligi bor fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga yengilliklar yaratishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Majlisda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA