Endi har bir mahallaning o‘z «byudjeti» bo‘ladi
Xalqimizda "Topganing to‘ylaringga buyursin", degan dona hikmat bor. Buning zamirida nechog‘li chuqur ma’no borligi Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Unda davlatimiz rahbari har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan «Mahalla byudjeti» tizimi joriy etilishini e’lon qildi. Har bir viloyatning soliq undirilishi past bo‘lgan bittadan tumanida tajriba tariqasida aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Bundan tushgan mablag‘ «Mahalla byudjeti»ga o‘tadi. Bu degani mahalla o‘zini mustaqil tasarruf etadi, shu hududda to‘lanadigan soliq o‘zlarining «cho‘ntagi»da qoladi.
Bu yangicha tizimning nechog‘li katta ahamiyatga egaligi haqida aytadigan bo‘lsak, ilgari mahalla mutasaddilari o‘z hisob raqamida o‘zlari tasarruf etadigan mablag‘ yo‘qligi uchun faqat homiylar yordamiga ko‘z tikib turishar edi. Endilikda mahalla o‘z byudjetiga ega, qo‘li uzun bir tashkilotga aylanadi.
Bundan ko‘zlangan maqsad bitta – u ham bo‘lsa, qishloqlarda yashayotgan aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish, odamlar uchun qulay yashash sharoitlari yaratish, ularni hayotidan rozi qilishdek ulug‘vor maqsadlar mujassam. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda har doim islohotlar natijasini odamlar o‘z hayotida, mahallasida sezishi muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shu ma’noda joriy yilgi dasturlar doirasida 4 ming 100 ta mahallani obod qilish, bolalar bog‘chasi, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani aytildi. Buning evaziga 434 ta mahallada ichki yo‘llar ta’mirlandi. 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 34 ta yangi maktab barpo etildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta’mirlandi, ularda qo‘shimcha 78 ming nafar o‘quvchi ta’lim olishiga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Demak, bugungi kunda yurtimizda 9 ming 370 ta mahalla bo‘lsa, Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, ularning har biriga borilib, aholini qiynayotgan muammolar ro‘yxati shakllantiriladi. Asosan yo‘l, ichimlik suvi, sug‘orish tizimi, elektr ta’minoti, ta’lim va tibbiyot borasida ko‘tarilgan 12 mingta masala hal etilishi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yana bir muhim masala – 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha «Dolzarb 40 kunlik» e’lon qilindi. Yurtimizni obod, go‘zal va har tomonlama ko‘rkam bo‘lishi shu zaminda yashayotgan el-ulusning o‘ziga bog‘liq. Shunday ekan, yig‘ilishda kuyunchaklik bilan aytilgan har bir topshiriq va tashabbusni qo‘llab-quvvatlasak, amaliy ishlarga bosh qo‘shsak, albatta, maqsadga yetamiz.
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi