Endi chiqindi puli vaqtida to‘lanmasa, chirog‘ingiz yonmaydi
Qashqadaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Bobur Yazdanov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayni shu mavzuda fikr almashildi.
Bugungi kunda chiqindilarni olib ketish va ushbu xizmat ko‘rsatilgani uchun to‘lov masalasi dolzarbligicha qolayotgani bor gap.
Masalan, viloyatdagi 14 ta tumanda 11 ta davlat xususiy sherikchiligi asosida sanitar tozalash korxonasi, viloyat markazi Qarshi shahriga xizmat ko‘rsatuvchi “Qashqadaryo Eko trans” MCHJ, Nishon tumani “Nuriston” shaharchasiga xizmat ko‘rsatuvchi “Nuriston tozalash” xususiy korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Ushbu sanitar tozalash korxonalariga tasarruf etish uchun 242 ta maxsus texnika, 17 ta poligon, 95 ta chiqindi to‘plash shoxobchasi 2 ta avtoturargoh, 473 ta konteyner va 70 ta termoprinter foydalanishga topshirilgan.
Hozirgi kunda mazkur sanitar tozalash korxonalari tomonidan viloyatdagi 732 ta (89%) MFY, 2 million 498,063 ming nafar aholi ushbu xizmatlar bilan qamrab olingan. Bu ko‘rsatkich xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri keladi. Mazkur korxonalar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-haraktlarga qaramasdan, xizmatdan foydalanuvchi abonentlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmasligi korxonalar moliyaviy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning iqtisodiy ahvoli nochorlashuviga – moddiy ta’minot (yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, ishchi-xodimlar ish haqi) masalalari yomonlashuvi, texnikalardan foydalanish ko‘rsatkichlari pasayib ketishiga olib kelmoqda.

Xususan, o‘tgan 2023 yil boshida abonentlar zimmasida debitor qarzdorlik 36,187 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil oxirida bu ko‘rsatkich 57,724 milliard so‘mni tashkil etgan, yoki 21,537 milliard so‘mga oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan. Buning asosiy sababi esa aholi tomonidan to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi yoki sanitar -tozalash korxonlari tomonilan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqining 40-45 foiziga to‘g‘ri keladigan undiruvlar amalga oshirilayotganligidir.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 4 yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi muammolarning oldini olishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Unga ko‘ra endilikda qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlar qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri