Elektron to‘lov vositasida firibgarlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Elektron to‘lov vositasidan foydalangan holda firibgarlik qilish holatlari ko‘paygani sir emas.
Ya’ni aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqlarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq jinoyatlardan jabr chekayotganlar bor. Bunday jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalari og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Bu «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunda nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan majlisda ana shu yangi qonun haqida so‘z yuritildi.
Muhokama davomida Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritilayotganligi aytib o‘tildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma ham kiritilmoqda.
Bu mamlakatimizdagi madaniy meros ob’ektlari – yodgorliklarning himoyasini ta’minlash hamda muqaddas qadamjolarning munosib saqlanishiga erishilishiga xizmat qiladi.
Majlisda davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati ham muhokama qilindi.
Senat tomonidan ayrim davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati o‘rganilib, murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilindi.
Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Qurilish vazirliklari hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida fuqarolarni qabul qilish uchun alohida xona ajratilmagan.
Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining fuqarolarni qabul qilish xonasi umuman boshqa binoda joylashgan. Markaziy bankda esa fuqarolarni qabul qilish xonasida zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari, Transport, Xalq ta’limi, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Pensiya jamg‘armasi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kadastr agentligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi hamda Agrobankda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlariga rioya qilinmagan.
Murojaatlarni ijobiy hal etish masalalari o‘z vaqtida ko‘rilmaganligi ularning soni keskin oshib ketishiga sabab bo‘layotir. Davlat idoralari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishlariga majbur qilayotgan muammolarni joylarda hal qilish hamda ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmagan.
Muhokamalar natijasida aholi eng ko‘p murojaat qilishga majbur bo‘layotgan tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni mahalla yoki quyi tizimning o‘zida bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Barcha darajadagi rahbarlar muloqot va sayyor qabullarni tizimli tashkillashtirish hamda murojaatlarni joyida hal qilish choralarini ko‘rish, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganish va ularga o‘z vaqtida munosabat bildirish amaliyotini kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA