Elektron mehnat daftarcha:u qanday joriy etiladi?
Termizda “Yagona milliy mehnat tizimi“ idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish tartib-taomillariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Termizda “Yagona milliy mehnat tizimi“ idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish tartib-taomillariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Prezidentimizning 2019-yil 31-oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan tadbirda viloyatdagi 200 ga yaqin tashkilot, muassasa va idoralar rahbarlari, xodimlar bilan ishlash va axborotlashtirish boʻyicha masʼullari ishtirok etdi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminarda soʻnggi yillarda boshqaruvni raqamli texnologiyalarga asoslantirishga qaratilayotgan etibor yuksak samaralar berayotgani taʼkidlandi. Mamlakatimizda 2020-yilga “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“, deb nom berilganida ham chuqur mano borligi qayd etildi.
Seminarda joriy yil 1-yanvardan yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi yoʻlga qoʻyilgani xususida fikr almashildi.
– Bu tizim zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada samarali foydalanishga keng imkoniyat yaratdi, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi mehnat standartlari va mehnatga haq toʻlash boʻlimi boshligʻi Sh.Eshov. – “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi mehnat shartnomalarini elektron shaklda roʻyxatdan oʻtkazish (oʻzgartirishlar kiritish, mehnat shartnomalarini bekor qilish) imkoniyatini bermoqda. Ish beruvchilar tarkibi (shtat jadvali) boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi, elektron mehnat daftarchasida fuqarolarning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, xodimlarning miqdoriy va sifat tarkibi, boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida aniq, oshkora maʼlumotlar yaratiladi.
Viloyatda yangi yilning ilk kunlaridan roʻyxatdan oʻtkazilayotgan mehnat shartnomalaridagi maʼlumotlar asosida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi elektron mehnat daftarchasi joriy etilayotgani diqqatga sazovor.
Mazkur dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar ish beruvchilar uchun majburiy boʻlib, barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepuldir. Kelgusida bu tizimga jismoniy shaxslar bilan aloqador barcha tarmoqlarni elektron bogʻlash rejalashtirilgan.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan my.mehnat.uz tizimida mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va qoʻshimcha kelishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish kabi masalalar yuzasidan atroflicha malumot berildi.
Viloyatning barcha tumanlarida xuddi shunday seminar mashgʻulotlari tashkil etiladi.