Elektromobildan dastlab qanday xizmatlarda foydalanilgan?
Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda avtomobil transporti muhim o‘rin tutadi. bugungi kunda hayotni transport vositalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Transport odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda asosiy vositadir.
bugungi kunda ayniqsa, ekologik muammolardan holi bo‘lgan elektromobillarga talab o‘sib bormoqda. Shundan kelib chiqib, elektr energiyasini harakat mobaynida o‘z hisobidan mustaqil ishlab chiqaruvchi elektromobillar yildan-yilga ko‘paymoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2021 yilning noyabr oyida O‘zbekistonga xorijdan 76 ta elektromobil import qilingan. Joriy yilning noyabr oyida import qilingan elektromobillar soni oktyabr oyiga nisbatan 21 taga oshgan. Mamlakatimizda noyabr oyidagi elektromobillar xaridi uchun 1,8 million AQSH dollari sarflangan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, elektromobilni boshqarish noqulaylik tug‘dirmaydi. Elektromobilning harakatlanish mexanizmlari tez va shovqinsiz ishlaydi. Dvigatelning vibratsiyasi yo‘q. Ravon tezlanish oladi va to‘xtaydi. Shuning uchun ham uni boshqarishni katta yoshli insonlar ham tez o‘rganib olishi mumkin.

Elektromobil o‘zining benzinda harakatlanuvchi raqobatchisiga qaraganda qimmatroq turadi. Elektromobil zaryadsiz qancha masofaga yura olishi esa ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bugun talab yuqori bo‘lgan elektromobillardan biri “Chevrolet Volt dir. Tesla Model S” elektromobili esa to‘la zaryadi bilan 425 kilometr yura oladi.
Eng muhimi bu mashinalar ekologik tozalikni saqlashda muhim qadam bo‘lishi mumkin. Elektromobil bekorga “yashil avto” sifatida tan olinmagan. Uglevodorodli yonilg‘i sarflovchi mashinalarga nisbatan elektromobil tabiatga keltiradigan zarari arzimas darajada. Shuning uchun bugungi “yashil avtomobillar” taraqqiy etgan mamlakatlardan biri sanalgan AQSHda elektr quvvati bilan yuradigan avtomobillar yiliga yuz minglab sotiladi.
Qolaversa, elektromobilni uy sharoitida 220 volt yordamida quvvatlash mumkin. 100 kilometr masofaga taxminan 3000-5000 so‘mlik energiya sarflanadi. Elektromobillarni maxsus stansiyalarda 80 foizgacha quvvatlash mumkin.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, elektromobil akkumulyatorlar batareyasi o‘rnatilgan bir yoki bir necha elektr dvigatel yordamida harakatlanadigan avtomobil hisoblanib, XX asr boshlarida G‘arbiy Yevropa va AQSHda elektromobildan taksi, pochta furgoni, kommunal xo‘jalik mashinalari, yengil avtomobillar sifatida foydalanilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA