Elchilar e’tirofi. TIVdagi uchrashuvlar haqida
So‘nggi bir necha kun ichida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov ketma-ket turli mamlakatlar elchilarini qabul qildi. Uchrashuvlar tomonlar manfaatiga xizmat qildi, deyish mumkin.
Jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf Al-Utaybiy ishtirokidagi tadbirda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar xalqaro institutlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilindi. Savdo-iqtisodiy aloqani jadallashtirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, bo‘lajak tadbir va tashriflar jadvali to‘g‘risida so‘z yuritildi. Xususan, joriy yil 23 yanvardan 23 aprelga qadar Jidda shahrida bo‘lib o‘tadigan I Islom san’ati biyennalesida mamlakatimiz ishtiroki bilan bog‘liq masala atroflicha muhokama qilindi.
Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayrobodiy bilan muzokarada esa Afg‘oniston masalasiga O‘zbekiston va Eronning yondashuvi yaqinligi qayd etildi.

O‘zbekiston – Eron munosabati so‘nggi yillarda mutlaq yangi sur’atda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etilib, Prezident Ibrohim Raisiyning 2022 yil sentyabrda yurtimizga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlarning savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga tayyorligi tasdiqlandi. Bundan tashqari transport sohasidagi hamkorlikni, jumladan, ikki mamlakat manfaatini hisobga olgan holda yangi xalqaro transport yo‘laklarini kengaytirish orqali yanada mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Baxtiyor Saidov Birlashgan Arab Amirliklarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Matar Al-Qamziy bilan ham uchrashdi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston – BAA hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari, umumiy kun tartibini yangi amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
– Avval erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan fikr almashildi hamda ikki tomonlama tadbirlar jadvali kelishib olindi, – deyiladi TIVning ushbu tadbir tafsiloti haqidagi axborotida. – Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni vazirliklararo maslahatlashuv yo‘li bilan muntazam davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Suhbat davaomida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zA muxbiri
B.Xudoyberdiyev tayyorladi.